Oq uyning bildirishicha, Rossiya sun’iy yo’ldoshlarga qarshi qurol yaratmoqda. AQSh Vakillar palatasining spikeri buni Amerika xavfsizligiga jiddiy tahdid deb atadi. Shunday bo’lgan taqdirda Moskva ommaviy qurollarini fazoga olib chiqishni man qiluvchi shartnomani buzgan bo’ladi. AQSh qonunchilari ushbu masalani yopiq eshiklar ortida muhokama qildi, amerikaliklarni vahima qilmaslikka chaqirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Bu Rossiyaning sun’iy yo’ldoshga qarshi salohiyatiga bog’liq ekanini tasdiqlashim mumkin. 1-2 ta narsani aniqlashtirib o’tmoqchiman. Birinchidan, bu ishga tushirilgan faol salohiyat emas. Rossiyaning bunday salohiyatga intilayotgani xavotirga molik bo’lsa-da, bu yaqin kelajakda hech kimning xavfsizligiga tahdid emas. Biz insonlarga qarshi ishlatiladigan yoki Yer yuzida jismoniy halokatga olib keladigan qurol haqida gapirmayapmiz”, - dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi.
Kongressda ushbu mavzu yuzasidan yopiq eshiklar ortida brifing o’tkazildi.
“Barchamizda Oq uy ma’muriyati buni o’ta jiddiy qabul qilayotgani haqida va bunga doir rejasi bor degan juda kuchli taassurot hosil bo’ldi”, - deydi respublikachi kongressmen Mayk Tyorner.
Pentagon rasmiylari AQSh Fazo kuchlari mudofaaga tayyor ekanini bildirdi. Tahlilchilarning aytishicha, harbiylar koinotdagi xavf-xatarni kuzatmoqda.
“O’tmishda koinot barcha harbiy idoralarimiz uchun ikkilamchi masala edi, biroq hozir Pentagon uchun bu ustuvor masala. Bu yo’nalish bo’yicha oldinga siljish kuzatilmoqda”, - deydi Amerika tadbirkorlik institutidan Todd Xarrison.
Jamoat transportini yo’naltiruvchi global joylashuv tizimi yoki GPS dan tortib harbiy tizimlar va ob-havoni bashorat qiluvchi sun’iy yo’ldoshlargacha bo’lgan Yerdagi ko’plab muhim faoliyatlar fazodan boshqariladi.
Todd Harrisonga ko’ra, ayrim mamlakatlar shunga o’xshash harbiy texnologiyalarni rivojlantirmoqda.
“Harbiylar fazodan ko’plab turli maqsadlarda foydalanadi. Agar dushmanimiz bizni fazodan va fazoda ishlash salohiyatimizdan ayirsa, ular AQSh qurolli kuchlarining eng katta ustunliklaridan birini yo’qqa chiqargan bo’ladi. Shu bois Xitoy va Rossiya kabi mamlakatlar sun’iy yo’ldoshlarga qarshi salohiyatini yillar davomida rivojlantirib kelmoqda”, - deydi tahlilchi.
Rossiyani fazo shartnomasiga xilof harakatlarda gumon qilayotgan Kirbining aytishicha, AQSh avval bu masalani diplomatik yo’l bilan hal qilishga harakat qiladi.
"Ruslar bilan hamda ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz bilan bu borada to’g’ridan-to’g’ri muloqot qilamiz”, - deydi rasmiy.
Qurol nazorati bilan shug’ulllanuvchi mutaxassislarnig ta’kidlashicha, 1967-yilda qabul qilingan bitimda oqibatlari belgilanmagan. Biroq uning buzilishi boshqa yirik davlatlarni xavotirga solishi aniq, deydi ular.
“Bu global iqtisodiyotga, jamiyatlarga ta’sir qiladi. Rossiya bilan bizga qaraganda yaxshiroq aloqada bo’lgan Xitoy, Hindistonda bu katta xavotir uyg’otadi. Ular tomonidan keskin norozilik bildiriladi deb o’ylayman. Shuning o’zi Rossiyani bu niyatidan voz kechishga undash uchun yetarli bo’ladi”, - deydi Qurol nazorati uyushmasidan Deril Kimbol.
Bundan keyin fazo yanada diqqatliroq kuzatib boriladi.