Amerikadagi hujjatsiz yosh muhojirlarni himoya qiluvchi DACA dasturi tugadi. Kongress 5-martgacha ularga qanday maqom berish masalasini ko’rib chiqishi kerak edi. Bir qancha tashkilotlar Tramp ma’muriyatini sudga bergan. Ularning aytishicha, bolaligida AQShga olib kelingan bu yoshlar mamlakatda qonuniy yashash va ishlashga haqli.
Muhojirlar “bizni eshiting” deya har hafta Kapitoliy atrofida namoyishlar uyushtiradi. DACA dasturi Obama prezidentligi davrida boshlangan bo’lib, ularga Amerikada ishlash va o’qish uchun vaqtincha ruxsat berilgan edi. Tramp programmani yopishga qaror qildi.
“DACA dasturi qatnashchilari orasida o’qituvchilar, talabalar, harbiy xizmatchilar bor. Ular ham kimningdir do’sti, hamkasbi, qo’shnisi. Shu bois dasturni yana uch yilga uzaytirishni taklif qilaman. Shu bilan birga, chegaralarni ham mustahkamlaymiz”, - deydi senator Jeff Fleyk.
Boshqalar taklifga qarshi.
“Masalani tugal hal qilaylik”, - deydi senator Jeyms Lankford.
Mavzu shu tariqa qolib ketdi.
Respublikachilar Kongressning har ikki palatasini boshqarsa-da, immigratsiya loyihasi ovozga qo’yilmayapti.
“Respublikachi yetakchilar partiya ichidagi bo’linishlarni ko’rsatgisi kelmayapti. Ular demokratlarga ham yon bermoqchi emas”, - deydi tahlilchi Molli Reynolds.
Prezident Tramp fikricha, demokratlar DACAga befarq.
“Kelishib olishga tayyormiz, lekin demokratlar biz bilan gaplashmayapti”, - deydi u.
Muxolifatning javobi - DACAni Trampning o’zi yopdi. Yil boshida prezident ikki partiya birgalashib tuzgan loyihani ma’qullab, keyinchalik uni rad qildi.
Demokrat senator Dik Durbin DACA tugashini gumanitar inqiroz deya ta’riflab, Trampni ayblamoqda. Muammoni uning o’zi yaratdi, shu paytgacha olti yechimni qabul qilmadi, deydi u.
Shu oy oxirida Kongress yana yillik byudjetni ko’rib chiqadi. Demokratlar ovoz berishdan bosh tortish orqali Trampning partiyasiga bosim o’tkazishi mumkin. Bu taktika yil boshida qo’llangan va hukumat qisqa muddatga yopilgan edi. Bu hol takrorlanishini hech kim istamaydi.
“DACAni himoya qilishda davom etamiz. Lekin respublikachilardan ham sado chiqishi kerak, orqaga surayotgan ular”, - deydi senator Chak Shumer.
Tramp ma’muriyatiga qarshi sudga shikoyatlar bois muhojirlar hozircha deportatsiya qilinmaydi. Bu degani, Kongressga bu masalani ko’rib chiqish uchun qo’shimcha vaqt beriladi. Qonunchilar kuzgi saylovgacha biror chora ko’rmasligi tayin.