2020-yil AQShda qonunchilar uchun voqealarga boy, band yil bo’ldi. Garchi ko’plar koronavirus pandemiyasi sabab masofadan turib ishlashga majbur bo’lsa-da. Ketayotgan yil Kongress a’zolari uchun nimasi bilan esda qoladi?
Your browser doesn’t support HTML5
2020-yil kirib kelishi bilan qonunchilar Prezident Donald Trampga qarshi impichment jarayoni bilan shug’ullandi.
“Mansabini suiiste’mol qilgan Donald Tramp suvdan quruq chiqadi”, - degan edi senator Kamala Harris.
Siyosiy raqibi Jo Baydenni nishonga olish maqsadida Ukrainaga harbiy yordamni kechiktirishda ayblangan Trampni Amerika tarixidagi uchinchi impichment sudida Senat oqlab chiqdi.
“AQSh prezidenti Impichment jarayonining birinchi moddasidagi ayblovda aybsiz deb topildi”, - degan edi Oliy sud raisi Jon Robert.
“Tramp qanday sababga ko’ra impichment qilingani insonlar xotirasidan o’chib ketsa-da, nazarimda, demokratlar bu bilan ushbu prezident impichmentga loyiq ekanini ko’rsatish uchun poydevor solgan”, - deydi Jorj Vashington universitetidan Keysi Burgat.
Biroq koronavirus pandemiyasi siyosiy munozarani tez orada ikkinchi planga surib qo’ydi. Mart oxiriga borib, virus tarqalishiga qarshi joriy etilgan karantin choralari AQSh iqtisodiyotini qiyin ahvolga solib qo’ydi. Kongress mamlakat tarixida eng yirik yordam paketini ma’qullashga majbur bo’ldi.
“Gap insonlar hayoti haqida ketyapti. Siyosiy o’yinlar vaqtimas hozir”, - degan edi quyi palata spikeri Nensi Pelosi.
3 trillion dollarlik hujjat 2020-yilda ikki partiya qonunchilari hamkorlikda erishgan oz sonli kelishuvlardan biri bo’ldi.
“Agar Kongress biror narsaning uddasidan chiqishni xohlasa, bu iqtisodiyotning barcha jabhalarini o’z ichiga oluvchi ko’plab qoida va shartlardan iborat o’ta qimmat hujjat bo’lsa ham, uni amallaydi”, - deydi Burgat.
Qonunchilar yangi sharoitda ishashga bir oz qiynaldi.
“AQSh Kongressi yangicha uslubga eng so’nggilardan moslashdi. Ba’zan tinglovlar yoki ovoz berishlar virtual shaklda o’tgan bo’lsa-da, hamma qonunchilar ham yangiliklarni qabul qilmadi”, - deydi Amerika universitetidan Molli Orurk.
Iyun oyida qora tanli Jorj Floydning politsiyachilar qo’lidan o’lishi ketidan mamlakatni namoyishlar qamrab oldi, biroq Kongress politsiya islohotiga doir takliflarni qonunga aylantira olmadi.
“Mamlakatimiz bizga tashabbusni qo’lga olishga imkon berdi, biroq qarshi tarafdagi do’stlarim “yo’q” deb javob berdi”, - dedi respublikachi senator Tim Skott.
Qonunchilar bir necha oylik muzokaralardan so’ng pandemiyadan jabr ko’rgan aholiga yangi yordam paketiga kelisha olmadi. Demokratlar taklif etgan 3 trillion dollarlik qonun loyihasi Senatda o’tmadi.
“Hozirgi vaziyatda ko’p trillion dollarlik yordamga ehtiyoj yo’q deb o’ylayman”, - dedi respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonel.
Oktabr oyida demokratlar qarshiligiga qaramay, huquqshunos Eymi Koni Barettning Oliy sudga nomzodi respublikachilar ustun Senatda ma’qullandi.
“Respublikachilar xalq xohishini inkor etib, saylov o’rtasida Oliy sudga umrbod a’zoni tasdiqlashga qaror qilishdi”, - degan edi ozchilikdagi demokratlar sardori Chak Shumer.
2020-yilning eng so’nggi olamshumul voqeasi Jo Baydenning prezidentlikka saylanishi bo’ldi. Oq uy demokratlarga o’tayotgan bo’lsa-da, Senat taqdiri mavhumligicha qolmoqda. Yanvar oyida Jorjiya shtatida Senat uchun ikkita o’ringa saylovlarning ikkinchi bosqichi o’tkaziladi.