Prezident Barak Obamaning Eron bilan olib borayotgan muzokararalariga pand berish maqsadida AQSh senatorlari yozgan maktubga mualliflik qilgan respublikachi endi Tehronning yadro inshootlarini "bir necha kun ichida" havo zarbalari orqali yo'q qilish mumkin, degan bayonot bilan chiqdi.
Arkanzas shtatidan saylangan senator Tom Kotton Senatdagi faoliyatini bor-yo'g'i to'rt oy oldin boshlagan.
Prezident Barak Obama harbiy chora ko'rishni hech qachon ehtimoldan soqit qilmagan, ammo uning so'nggi chora bo'lishini ta'kidlagan edi.
Senator Kottonga ko'ra, ma'muriyatning bunday qarashi xato. Uning fikricha, Eronning yadro qurolini qo'lga kiritish harakatlarini faqat uch yo'l bilan to'xtatish mumkin: o'zaro kelishib olish, sanksiyalar orqali bosimni davom ettirish yoki harbiy hujum.
Senatorning aytishicha, Eronga harbiy chora ko'rish u qadar qiyin bo'lmaydi.
"Agar harbiy harakatga ehtiyoj tug'ilsa - aslida biz muzokaralarning yurishi uchun doim uni hisobga olishimiz kerak edi, - prezident buni, Yaqin Sharqda kuzatilganidek, 150 ming og'ir qurollangan askarlarni kiritishdek qilib ko'rsatmoqda. Aslida esa unday emas", - deydi u.
Kotton deydiki, Eronga qarshi havo hujumini 1990-yillar oxirida Prezident Bill Klinton Iroqda amalga oshirgan amaliyotga o'xshatish mumkin. Ya'ni, u bir necha kun davom etadi xolos.
Pentagon senator fikrlariga munosabat bildirmadi. AQSh rasmiylari Eronning yadro salohiyatini faqat havo zarbalari bilangina to'xtatish mumkinligiga shubha bilan qaraydi.