AQSh Senati Saudiya Arabistoniga qurol sotishni taqiqlovchi rezolyutsiyani o'tkazmadi

  • Amerika Ovozi

Rezolyutsiya tarafdorlari Riyodni qo'shni Yamanda tinch aholini bombalayotganlikda aybladi.

AQSh Senati Saudiya Arabistoniga qurol sotishni taqiqlashga chaqiruvchi rezolyutsiyani ma'qullamadi. Bu masalada Konsressda keskin bahs-munozara kechdi.

Bir guruh senatorlar Riyodning qo'shni Yamanda olib borgan harbiy harakatlari hamda radikal diniy aqidani qo'llab-quvvatlashini sabab qilib ko'rsatib, bu o'lkaga qurol sotilishiga qarshilik bildirgan.

Konnektikut shtatidan demokrat senator Kris Merfining aytishicha, Saudiya Arabistoni AQSh qo'llab-quvvatlovi bilan Yamanda hutiy isyonchilariga qarshi kurashib, tinch aholini bombalagan.

"Biz ulardan tinch aholini o'qqa tutishni to'xtatishini o'tinib so'radik. Shunga qaramay, shu yoz boshida 72 soat ichida saudiylar yetakchiligidagi koalitsiya "Chegara bilmas shifokorlar" binosiga, maktabga va uning yonidagi maktab direktori uyiga havodan zarba berdi", - dedi u.

"Yamanda saudiylar bombasidan 3000 begunoh odam halok bo'ldi. Bu rezolyutsiya Yamandagi urush jinoyatlariga sherik bo'layotganimiz haqida", - dedi kentukkilik respublikachi senator Rend Pol.

Rezolyutsiyaga qarshi chiqqanlar esa ayblovlar asossiz ekanini aytadi.

"Bir necha o'n yillardan beri Saudiya Arabistoniga quruqlikdagi jangovar qurollarni sotib kelamiz. Saudiyaliklar Abrams tanklarini va quruqlikdagi jangovar aslahani Yaman ichida qo'llagani haqida hech qanday dalil yo'q. Bu tizimlar chegarada hutiylar hujumidan himoyalanish maqsadida ishlatilgan", - deydi yana bir kentukkilik respublikachi Mitch Makkonel.

Inson huquqlari bo'yicha xavotirlardan tashqari, senator Merfi AQShni Riyodning radikal vahhobiylik oqimini qo'llab-quvvatlashidan ham ogoh bo'lishga chaqirdi.

"Islomning ekstremizmga yetaklovchi bu oqimi haqida sukut saqlasak, qanday qilib IShIDga qarshi jiddiy kurashish mumkin? Saudiya Arabistonida chiqarilayotgan kitoblar xudkush bombachilarni yollash uchun tarqatiladigan kitoblar bilan bir xil", - deydi u.

Shu kabi tanqidlarga qaramay, Senatda qirollikni mintaqadagi muhim hamkor sifatida ko'ruvchilar qo'li baland keldi.

"Agar AQSh kurashdan chiqqani va ortiq ishonchli hamkor bo'lolmasligi haqida Oyatullohga xabar yetkazishni istasangiz, Saudiya Arabistoni va bizga yordam berib kelayotgan boshqa Fors ko'rfazi davlatlariga ko'mak berishni to'xtating", - deydi janubiy karolinalik respublikachi Lindsi Grem.

Qurol savdosi davom etishi uchun ovoz berganlar savdo to'liq Riyod mablag'i evaziga amalga oshirilayotganiga, ya'ni AQSh bu o'lkaga moddiy yordam bermayotganiga ham e'tibor qaratdi. Agar AQSh qurol sotishni to'xtatsa, Saudiya Arabistoni bunday aslahani boshqa mamlakatlardan sotib olishi mumkin, deydi ular.