AQSh Senati Amerikaning Yamandagi harbiy harakatlariga chek qo’ymoqchi. Qonunchilar kelasi hafta masalani muhokama qilishga kirishadi. Yamandagi gumanitar ofat ham respublikachi, ham demokrat qonunchilarni xavotirga solmoqda.
“Yamandagi gumanitar vaziyatni tahlil qilamiz. Saudiya Arabistonidagi zolim diktaturaga uning buzg’unchi harbiy avantyurasiga ortiq sherik bo’lmasligimizni bildirib qo’ymoqchimiz”, - dedi Vermont shtatidan demokrat senator Berni Sanders.
“Kongress AQSh qo’shinlarini Yamandan ancha oldin chiqarishi kerak edi. Hozir siyosatimizni o’zgartirish, Konstitutsiya va adolat talablarini bajarish imkoniga egamiz. Yamanda ahvol o’ta achinarli”, - deydi Yuta shtatidan respublikachi senator Mayk Li.
Qonunchilar Prezident Donald Tramp Saudiya hukumatini jurnalist Jamol Qoshiqchining qotilligi uchun jazolamaganidan norozi. AQSh razvedkasi uni o’ldirishga buyruqni qirolning o’g’li bergan deyishiga qaramay, Tramp valiahd shahzodani tanqid ham qilgani yo’q. Aksincha, Qo’shma Shtatlar qirollikka 15 milliard dollarga teng havo mudofaasi tizimini sotishga kelishib oldi.
BMT hisobiga ko’ra, uch yillik fuqarolar urushi kamida 10 ming odamning yostig’ini quritdi, millionlab yamanlik to’yib ovqatlanmaydi. Aholini bombardimon qilish, oziq-ovqat ta’minotiga halaqit berish, insonparvarlik tamoyillarga xilof boshqa harakatlar natijasida misli ko’rilmagan gumanitar ofat yuzaga keldi.
Yamanda xutiylar hukumatga qarshi jang qilayotgan bo’lsa-da, kuzatuvchilar urushni aslida Saudiya Arabistoni va Eron o’rtasidagi bilvosita ixtilof sifatida ko’rmoqda. Saudiya Arabistoni qiroli Salmon xalqaro tashabbuslarni qo’llab-quvvatlaymiz, biroq Yamanni Eron aralashuvidan himoya qilish – burchimiz, deydi.