Mana olti oydirki, Xitoy AQShdan millionlab tonna makkajo’xorini genetik jihatdan o’zgartirilgan deb sotib olishdan bosh tortayapti. Bu AQSh qishloq xo’jaligi uchun 3 milliard dollar ziyon degani. Ammo mahsulotga talab ham, narxlar ham pasaygani yo’q.
Your browser doesn’t support HTML5
Vendell Shoman – fermer. Ekayotgan ekini hosil bergach, mahsulot Illinoys shtatidan olis o’lkalarga yetkazilishini yaxshi biladi.
“Makka yetishtirishda yetakchi davlatmiz. Mahsulotimiz sifati oliy,” - deydi u.
AQShda yetishtirilgan, molga yem sifatida ishlatiladigan makkajo’xoriga dunyo bo’ylab talab yuqori. Ammo Xitoyda emas.
“Ilgari Xitoy bilan savdo shundoq ham oz edi. So’nggi 2-3 yilda eksport sezilarli darajada oshdi. Bu yil esa yana kamayib ketdi,” - deydi Shoman.
Sabab shundaki, Xitoy “Syngenta” kompaniyasining “Viptera” urug’idan, ya’ni genetik jihatdan o’zgartirilgan jo’xori navini xarid qilishni istamaydi. Dehqon esa bu urug’ni maqtab shunday deydi:
“Undan yuqori va sifatli hosil olamiz, xarajatlar kamayadi. Atrof-muhitga ham zarari deyarli yo’q, chunki kimyoviy moddalarni kam ishlatamiz”.
Shomanning o’zi “Viptera” urug’larini ishlatmasa-da, genetik jihatdan o’zgartirilgan mahsulotlar haqida yaxshi biladi. Navlarni chatishtirish bo’yicha doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan, AQSh Don kengashini boshqargan. Amerika fermerlari vakili sifatida Xitoyda muzokaralar olib borgan. Hozirgi muammo sababi mahsulot sifatida emas, byurokratiyada, deydi u.
“Ular tasdiqdan o’tmagan narsani sotib olmaydi. Aslida mahsulot yomon emasligini bilishadi,” - deydi u Xitoy rasmiylari haqida.
“O’tmishda Xitoyga makka kerak bo’lsa, sifatiga ham qaramay sotib olaverardi,” - deydi Kreyg Terner.
U don mahsulotlari bozorini tahlil qiladi. Yangilik tarqalgach, makka narxi birdaniga tushib ketdi, deydi mutaxassis.
“O’shanda 26 kilogramm makka narxi 4 dollardan sal oshiq edi. Xitoy mahsulotni sotib olmaymiz deganidan so’ng narxi tushib ketadimi, deb qo’rqdik”.
Xitoy qo’ygan cheklovlarga qaramasdan, vaqt o’tishi bilan makka bozorida narx-navo yana avvalgi holatiga qaytdi. Lekin fermer Vendell Shomanning aytishicha, “Viptera” urug’ini ekayotgan dehqonlarga ba’zida ishonqiramay qarashadi.
“Xitoyliklarga ma’qul kelmagan makka navi umumiy hajmning bor-yo’g’i ikki foiziga teng bo’lsa-da, butun mamlakat bo’ylab ekilgan. Ba’zida boshqa navlar bilan aralashib ketadi. Uni elakdan o’tkazib, Xitoyga toza mahsulot yetkazishning iloji yo’q,” - tuhsuntiradi fermer.
Shoman fikricha, xalqaro mezonlar ishlab chiqilsa, genetik jihatdan o’zgartirilgan mahsulotga talablar belgilansa, bozordagi bu mavhumlikka nuqta qo’yish mumkin. Dehqonning tashvishlari shundoq ham yetarli, deydi u. Ob-havoni aytmaysizmi…