AQSh Prezidenti Barak Obama Oq uyda Kosta-Rika rahbari Luis Gilyermo Solisni qabul qildi. Uchrashuvda Markaziy Amerika davlatiga 30 million dollarlik harbiy yordam berish bo'yicha kelishuvga erishilgan.
Harbiy yordam, asosan, uyushgan jinoyatchilik va odam savdosiga qarshi amaliyotlar uchun ishlatiladi. Ko'mak doirasida Kosta-Rika ikkita yuk samolyoti, ikkita yirik qo'riqchi kema hamda ikkita kichik kema, havoni kuzatish moslamalari va noqonuniy muhojirlarni aniqlashda ishlatiladigan biometrik kompyuter dasturlarini qabul qilib oladi.
Shuningdek, huquq-tartibot idoralariga uchta qurolli texnika, otish mashg'uloti uchun jihozlar hamda aloqa vositalari beriladi.
Qurol-aslahadan tashqari AQSh kosta-rikalik mutaxassislarni tayyorgarlikdan ham o'tkazadi.
O'tgan oy Kosta-Rika hukumati Salvador, Gonduras va Gvatemaladagi zo'ravonliklardan qochayotgan muhojirlarga vaqtinchalik boshpana berishini e'lon qilgan edi. Meksika chegarasidan noqonuniy muhojirlar oqimi oshishining oldini olish maqsadida AQSh Kosta-Rikani shunday qaror qabul qilishga undagan.
O'zaro kelishuv doirasida AQSh boshpana istab kelgan odamlarni ro'yxatdan o'tkazib ularni AQShga yoki boshqa davlatga joylashtirish qarorini berishdan oldin Kosta-Rikaga topshiradi.
Obama Markaziy Amerika bolalari nomli dasturni kengaytirishga ham rozi bo'ldi. Dasturga ko'ra, AQShda qonuniy yashayotgan muhojirlar Markaziy Amerikaning uch o'lkasida qolgan farzandlari uchun ham qochoqlik maqomini so'rashi mumkin.