AQShda bir yil oldin koronavirus bilan bog’liq cheklovlar ilk bor joriy etilgan edi. Bugunga kelib bu mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 29 milliondan oshdi, yarim milliondan ko’p odam hayotdan erta ketdi, har kuni o’rtacha 50 ming odamda COVID-19 aniqlanmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Prezident Jo Bayden taklif etgan 1,9 trillion dollarlik iqtisodiy yordam paketi respublikachilar qarshiligiga qaramay, o’tgan shanba Senat tasdig’idan o’tdi. 9-mart kuni Vakillar palatasi hujjatga ovoz beradi va Bayden hafta oxirigacha uni imzolashi kutilmoqda.
Bugunga kelib koronavirusga qarshi 3 xil vaksina aholiga taklif etilmoqda. Ko’p joylarda cheklovlar hali ham amalda, biroq Texas va Missisippi kabi shtatlarda niqob taqish majburiyati bekor qilinmoqda, restoranlar to’liq ishga tushyapti. Ba’zilar buni tanqid qilmoqda.
"Texasdagi har qanday biznes 100 foiz ishga qaytishi mumkin. Niqob taqish qoidasini ham bekor qilyapman”, - deydi Texas gubernatori Greg Ebbot.
Bayden bunday yondashuvni “ibtidoiy fikrlash” deb atadi.
"Nazarimda, bu katta xato. Niqobdan foyda katta bo’lishini ko’pchilik anglab yetgan bo’lsa kerak”, - dedi u.
“Marraga oz qoldi. Bugun infeksiyaga uchrab, 3-4 haftadan keyin hayotdan ko’z yumadigan odam bir oydan keyin emlanishi mumkin bo’ladi. Shu sabab yana bir oz sabr qilish kerak deb o’ylayman”, - deydi Roud-Aylend shtatidagi Braun universiteti dekani Ashish Jxa.
Shtatlar gubernatorlari niqob taqish qoidasini muayyan sharoitda bekor qilishni rejalamoqda.
Masalan, Ogayo shtatida virus yuqtirish holati har 100 ming odamga 50 taga tushgandagina.
Ayni paytda bu raqam 179 ga teng, deydi gubernator Mayk Devayn.
“Vaksina bilan qurollanib, hujumga o’tganmiz. Ogayoda husyhorlikni yo’qotmaslik kerak. Niqobdan foyda katta ekanini ko’ryapmiz”, - deydi u.
Maktablarni ochish masalasi ham ko’p bahslarga sabab bo’lmoqda. Mamlakat bo’ylab o’quvchilarning 27 foizi virtual shaklda o’qimoqda. O’qituvchilar va maktablar ma’murlarini emlab, maktablarni to’liq ochishga harakat avjida.
Ogayo gubernatori 1-martgacha barcha maktablarni ochishni rejalagan bo’lsa-da, Klivlend shahridagi o’qituvchilar kasaba uyushmasi masofadan bilim berishda davom etishga ovoz berdi.
“Yil boshida shtatimizda bolalarning yarmi onlayn bilim olardi. Bugun 95 foizi sinfxonalarda. Ancha muvaffaqiyatga erishdik”, - deydi hokim.
AQSh Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi sobiq rahbariga ko’ra, umumiy vaziyat yaxshilanmoqda.
"Agar virusning yangi, halokatli ko’rinishlari paydo bo’lmasa, nazarimda, kuzga borib sport musobaqalarini stadionda tomosha qilish imkoniga ega bo’lamiz. Ijtimoiy tadbirlar jonlanadi, kinoteatrlar, restoranlar, barlar ochiladi”, - deydi Tom Friden.
Prezident Bayden chorshanba kuni Oq uyda koronavirusga qarshi vaksina tayyorlagan “Jonson va Jonson” hamda COVID-19 ga qarshi dori ustida ishlayotgan “Merk” kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashishi kutilmoqda.
"May oxirigacha Amerikada balog’at yoshiga yetgan har bir odam uchun yetarli miqdorda vaksinaga ega bo’lamiz”, - dedi Bayden.
"Vaksina ortib ham qoladi va yozga borib kam va o’rta daromadli mamlakatlarga xayriya qila boshlaymiz”, - deydi Jorjtaun universiteti eksperti Lorens Gostin.
Unga ko’ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda yetarlicha vaksina bo’lishidan boy davlatlar ham manfaatdor. Chunki virus tarqalayotgan joyda uning xavfli turi vujudga kelishi mumkin. Ba’zilarini yengishda vaksinalar hatto ojizlik qilmoqda, chunki virus mutatsiyalashda davom etmoqda.
"Virus o’ta makkordir, mudofaa chizig’idan o’tish qobiliyatiga ega”, - deydi Friden.
Ba’zilar cheklovlarni erta yumshatmaslikka chaqirmoqda.
"O’tgan yili xuddi shu xatoga yo’l qo’ygan edik. Bu gal o’ta ehtiyot bo’lishimiz kerak. Ayniqsa virusning turli ko’rinishlari paydo bo’layotgan bir paytda”, - deydi epidemiolog Ali Muqdad.
Yana bir muammo ayrim odamlarda vaksinaga ishonchning yo’qligi. So’rovlardan shunisi ma’lumki, Amerika qit’asi aholisining choragi, Afrikadagi olti mamlakat aholisining uchdan biri, livanliklarning 79 foizi ana shu toifaga kiradi.
"Vaksina samara bera boshlagani sari ikkilanish yo’qolib boraveradi. Ammo emlanishni istamaydigan kichik guruh hamisha bo’ladi”, - deydi Lorens Gostin.
COVID-19 gripp kabi yo’qolmasligi mumkin, demak har yili emlanish kerak bo’ladi. Buning uchun esa ko’p mamlakatlarda vaksina ishlab chiqaradigan korxonalarni ishga tushirish lozim.