AQShning yangi Prezidenti Donald Tramp 2017-yilda xalqaro sahnada qator harbiy muammolar bilan yuzlashadi. Qo’shma Shtatlar ayni damda Afg’onistonda Tolibon, Iroq va Suriyada esa “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi jang qilmoqda.
Tramp ma’muriyatining Suriya bo’yicha siyosati qanday bo’ladi?.
“Suriyada fuqarolar urushini tugatish strategiyasi yo’q bizda. Tramp Prezident Assadga urushda g’alaba qilishiga imkon berishi mumkin, biroq bu ham tinchlikka yetaklaydi deb o’ylamayman, chunki Assadning o’zi ancha insonlar o’limiga sabab bo’lgan”, - deydi vashingtonlik tahlilchi, "Brukingz Instituti" xodimi Maykl Oxanlon.
Afg’onistonda urush 15 yildan beri davom etmoqda. 2011-yilda 140 ming atrofida bo’lgan xalqaro qo’shinlar bugun 15 mingni tashkil etmoqda. Tramp ma’muriyati qisqa muddatga qo’shinlar sonini oshirishi mumkin, deydi Oxanlon.
“Agar Afg’oniston armiyasi va politsiyasi og’irini bir oz yengil qilish uchun askarlar sonini oshirsak, buning yomon joyi yo’q. Shunda ular shu kungacha ko’rilgan yirik mag’lubiyatlaridan o’ziga kelib olib, oyoqqa turib olardi”, - deydi tahlilchi.
Rossiya va Xitoy kabi davlatlar qurolli kuchlarini modernizatsiyalashtirishi ayrim amerikalik mutaxassislarni xavotirga solmoqda.
“Biz “Islomiy davlat”ga qarshi kurash bilan ovora bo’lib, Rossiya va Xitoyning hozirgi salohiyatiga qarshi qo’l keladigan zamonaviy qurol sotib olishga ulgurmadik”, - deydi “Rend Korporatsiyasi” tahlil markazidan Deyvid Ochmanek.
Tramp saylovoldi chiqishlarida harbiy salohiyatimizni kuchaytiraman, degan edi.
"Qurolli kuchlarimizda dunyoning eng zo’r mutaxassislari bor. Armiyani isloh qilib, faxriylarimizga yordam beramiz”, - degan edi u.
Ochmanekning aytishicha, tahdidlarni bartaraf etish uchun Qo’shma Shtatlar qanotli raketalar va havo-havo rusumidagi raketalar xarid qilishi kerak.