Amerika demokratiyasi qay ahvolda?

  • Amerika Ovozi

APTOPIX Washington July Fourth

Bugun Amerikada Mustaqillik kuni, xalqqa hurlik, ozodlik keltirgan kun, Amerika demokratiyasining 242 yilligi nishonlanmoqda. Biroq so’nggi yillarda mamlakatda siyosiy bo’linish kuchaygan, bu esa demokratik tizimning susayishiga sabab bo’lmoqda.

4-iyulni barcha amerikaliklar siyosiy qarashlaridan qat’i nazar birday nishonlaydi, tungi mushakbozlikni birga tomosha qilishadi. Mustaqillik kuni mamlakat asosi bo’lgan demokratik ideallarni yodga oladigan kun.

Amerika demokratiyasi tufayli hukumat siyosatiga qo’shilmaydigan odamlar unga qarshi bemalol namoyish qilishi mumkin. So’nggi kunlarda Tramp ma’muriyatining immigratsiyaga doir siyosati noroziliklarga uchramoqda.

Oliy sud a’zolaridan birining iste’foga chiqishi natijasida bo’sh qolgan o’rinni to’ldirish atrofida ham munozaralar kuchaymoqda.

“Odamlar oyoqqa turmoqda. Donald Tramp qirol emas. Hech kim Senat oldidan o’tmay turib, Oliy sudga a’zo bo’la olmaydi”, - deydi demokrat senator Elizabet Uorren.

Tramp prezidentligi paytida mamlakatda siyosiy bo’linish keskin kuchaydi. Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashgani haqidagi da’volar bo’yicha tergov siyosiy bo’linishga o’z hissasini qo’shdi.

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, aksariyat amerikaliklar maxsus prokuror Robert Myuller olib borayotgan tergovni qo’llab-quvvatlamoqda. Respublikachilar nazarida, tergov millat birligiga tahdid.

“Mamlakat bo’linmasidan oldin taftishni tezroq tugatish kerak”, - deydi respublikachi kongressmen Trey Gaudi.

Tarixchi Allan Lixtman nazarida, jamiyatda qo’rquv hukm surmoqda.

“Odamlar siyosiy qarashlari, irqi, jinsi, dini tufayli amerikaliklar safidan chiqarib yuborilayotgandek his qilmoqda o’zini. Bunday jarayonni kuzatmaganimizga ancha bo’ldi”, - deydi u.

Tramp siyosati tufayli uning tarafdorlarida ham, tanqidchilarida ham qat’iyat kuchaydi. Bu prezident siyosiy bo’linish ramziga aylandi, deydi sotsiolog Frenk Nyuport.

“Trampning o’zi bir tomonlama fikrlaydi, xalq ham shunday bo’lib qolgan. Hukumat haqida, iqtisodiy farovonlik haqida xavotirlar kuchaygan. Trampning iqtisodiy yutuqlari reytingining ko’tarilishiga olib kelmadi”, - deydi mutaxassis.

Ammo bugun xalq barcha siyosiy tafovutlarni chetga surib qo’yib, 4-iyul bayramini birgalikda nishonlaydi.