Barak Obama prezidentlikka qayta saylanishga tayyor

  • Amerika Ovozi
Nutqini nomzodlikni rasman qabul qilish bilan boshlagan Obama asosiy e’tiborni ichki siyosatga qaratdi. Iqtisodiy sohadagi islohotlari, xususan yangi ish joylarini yaratish, yoshlar uchun kollej va universitetlarda o’qish imkoniyatlarini kengaytirish, tibbiy sug’urtaga oid islohotlar, AQShning xorijiy mamlakatlardan import qilinadigan neftga qaramlikni kamaytirganini birma-bir tilga oldi.

Obama nazarida o’tgan hafta Tampada yig'ilgan muxolifat, ya'ni respublikachilar, amaldagi siyosatni qanchalik tanqid qilmasin, biror yechim taklif qilmadi dedi.

“Har bir fuqaroning boshqalar oldida majburiyatlari bor. Bu mamlakat fuqarolik tamoyillariga asoslangan”, - deydi prezident.

Obama tashqi siyosatga ham alohida to’xtaldi.

“Bizning raqiblarimiz tashqi siyosat sohasida tajribasiz”, - deydi u.

Prezidentning saylovdagi raqibi Mitt Romni “Rossiya biz uchun eng katta geosiyosiy tahdid” degani Obama nazarida "sovuq urush davriga xos fikrlash”.

Eng katta tahdid aslida al-Qoida, deydi prezident.

“To’rt yil avval Iroqdagi urushni tugatishni va’da qilgan edim, va’dam ustidan chiqdim”, - dedi Obama, Al-Qoida asoschisi Osama bin Laden yo’q qilinganini eslatar ekan.

“Bundan to'rt yil oldin sahnaga chiqqanimdan buyon vaziyat o'zgardi, - dedi u.

"Men ham o’zgardim. Unda nomzod edim. Bugun esa prezidentman. Farzandlarini urushda dushmanga boy berganlarni taniyman. Ishlarini yo’qotganlar bilan uchrashganman... Ularning bari menga ishonadi, menga umid baxsh etadi, birgalikda ishlashga qodirmiz", - deydi Obama.

Saylovga to’qqiz hafta qolar ekan, reytinglarga ko'ra, Obama va Romnining saylanish imkoniyatlari deyarli teng.

Qurultoyning so'nggi kunidan fotoreportaj:

Barak Obama prezidentlikka qayta saylanishga shay