Bayden ma'muriyati mahalliy terror tahdidlaridan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Bayden ma’muriyatining shu hafta chop etilgan strategiyasidan ma’lum bo’lishicha, mahalliy zo’ravon ekstremistlar mamlakat tinchini buzishga harakat qilmoqda. AQSh qonunchilari 6-yanvar kuni Vashingtonda Kapitoliy bosqinini hanuz tergov qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 18-iyun, 2021-yil

“FBR nazarida, eng katta ichki zo’ravon xavf irqiy va milliy adovatga to’la, ayniqsa oq tanlilar ustunligini targ’ib qilayotgan guruhlar tomonidan taralmoqda”, - deydi AQSh Adliya vaziri Merrik Garland.

Uning aytishicha, Amerikada hech bir odam nozo’ravon siyosiy qarashlari uchun ta’qib etilmaydi.

“Demokratik jamiyatimizda siyosiy kelishmovchiliklarni zo’ravonlik orqali hal qilishga o’rin yo’q. Bunday tahdidlarni va ularga yetaklovchi omillarni kamaytirish uchun Amerikada mahalliy terrorizmga yetaklayotgan tarixiy muammolarni hal qilishimiz kerak”, - dedi vazir.

6-yanvar voqealarida 500 dan ortiq odam hibsga olingan.

“Saylovda mag’lub bo’lgan Prezident Tramp Adliya vazirligi orqali saylov natijalarini qayta ko’rib chiqishga erisha olmagach, umidsizlikdan 6-yanvar kuni tongda g’azabga to’la, zo’ravon xaloyiqni Kapitoliyga tashladi. Bundan maqsad Kongressni Jo Baydenning saylovdagi g’alabasini tasdiqlashdan qaytarish edi”, - deydi Vakillar palatasining demokrat a’zosi Karolin Maloni.

Federal qiduruv byurosi direktori Kristofer Reyning shu hafta qonunchilarga tan olishicha, uning idorasi bosqinni oldindan ko’ra bilmadi.

“Vazifamiz har qanday hujumning, 6-yanvarda ro’y bergandan ancha kichik hujumning ham oldini olish. Ishimizni qoniqarli deb hisoblamayman”, - dedi u.

Oy boshida chop etilgan Senat hisobotida aytilishicha, qator razvedka agentliklari va xavfsizlik idoralari hujumning oldini olishga ojizlik qildi.

“Kapitoliy qoshida razvedkaga aloqador uchta bo’lim ijtimoiy sahifalarda binoga qarshi zo’ravonlik da’vatlaridan xabardor edi, biroq to’liq hisobot Kapitoly politsiyasi rahbariyati, yuqori lavozimli ofitserlar yoki boshqa huquq-tartibot organlariga yetkazilmadi”, - deydi demokrat senator Eymi Klobuchar.

Ayni damda Kapitoliy politsiyasi faoliyatini isloh qilish ishlari ketmoqda. Senatdagi respublikachi qonunchilar o’tgan hafta demokratlaring 6-yanvar voqealarini tergov qilish uchun keng qamrovli komissiya tuzish harakatlariga g’ov bo’ldi.