AQSh Pokistonda pilotsiz samolyotlari harakatlanayotganini ilk bor tan oldi

  • Amerika Ovozi

AQShning "Global Hawk" pilotsiz samolyoti

Prezident Obamaning aytishicha, Pokistonda jangarilarga qarshi AQSh havo hujumlari ish bermoqda. Shu paytgacha rasmiy Vashington pilotsiz samolyotlar ishlatilayotgani haqida rasman tan olmay kelayotgan edi.

Obama bu haqda ilk bor so'z ochdi. Unga ko'ra, bunday hujumlar yordamida al-Qoida va unga xayrixoh guruhlar rahbarlari yo'q qilindi.

"Har bir amaliyot, deydi Obama, oldindan puxta rejalangan bo'lib, terrorchilarni aniq nishonga oladi", - deydi Obama.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiysining aytishicha, bunday operatsiyalarning ayrim taktik ustunligiga qaramay ular qonunga ziddir, foydadan ko'ra zarari ko'proq. Xabarlarga ko'ra, AQSh pilotsiz samolyotlari Pokistonning Afg'oniston bilan chegaradosh hududidagi aerodromdan uchiriladi va Pokiston razvedkasi Amerikaga bu ishda yordam beradi.

Qo'shma Shtatlar bunday samolyotlardan Yaman va Liviyada ham foydalangan.

Pokiston rasmiylarining bildirishicha, bugun mamlakat shimoli-g'arbida toliblar armiya bilan to'qnashib, kamida 50 odam o'lgan. Ma'lum bo'lishicha, bir guruh jangarilari qabilalar yashovchi Hurram mintaqasida harbiy postga hujum qilgan. Ularni qaytarish maqsadida harbiylar jang maydoniga jangovar vertolyotlarni yuborgan.

10 zobit va 40 jangari o'lgan. Hududda Pokistondagi toliblar yetakchisi Hakimulla Ma'sudga xayrixoh kuchlar joylashgan.