Obama og’ir iqtisodiy ahvolda Kongressni ayblamoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Barak Obama oliy o’quv yurtlariga uyushtirgan ikki kunlik safari davomida Chapel Hildagi Shimoliy Karolina universitetiga ham tashrif buyurdi. 24-aprel, 2012-yil.

AQSh prezidenti Barak Obama og’ir iqtisodiy ahvolga Kongress sababchi, deb, qonunchilarni ish joylarini yaratish bo’yicha prezident rejasini tasdiqlashga da’vat etdi.


Obamaning o’tgan yili kiritilgan taklifi qurilish sanoatida yangi ish joylarini yaratish hamda mahalliy va shtat hukumatlarida so’nggi yillarda qisqartirilgan 450 ming vakansiyani qayta ochichni ko’zda tutadi.


Prezident Kongressdagi siyosiy raqiblarini takliflarni bee’tibor qoldirayotganlikda aybladi.


“Ish joylarini yaratish bo’yicha rejalarning aksariyati hali ham ko’rib chiqilmadi. Hozirgi vaziyatni inobatga olgan holda men Kongress a’zolaridan ushbu rejalarni ko’rib chiqishni talab qilaman, chunki bizda odamlarni ish bilan ta’minlash imkoni bor. Bu faqat mening g’oyalarim emas. Faqat demokratlar g’oyalari ham emas. Mustaqil iqtisodchilar takliflari bular. Mamlakatda ijobiy o’zgarishlarga olib keladigan takliflardir”.


Bundan keyin ham Kongress rejalarni qabul qilmasa, tushuntirish bersin, deya talab qildi Obama.

AQSh dunyodagi eng katta iqtisodga ega. Biroq mana bir necha yildirki ishsizlik balandligicha qolyapti. Hozirda 8,2 foizga teng. O’tmishda o’rtacha ko’rsatkich 5 foiz bo’lgan.


Bundan norozi amerikaliklar noyabr oyiga belgilangan saylovlarda amaldagi prezident uchun emas, respublikachi nomzod Mitt Romni uchun ovoz berishi mumkin. Romni Obama mamlakatda nima bo’layotganini tushunmaydi, deb keladi. O’zining biznes va iqtisodni boshqarish tajribasiga urg’u berib, mamlakatni og'ir ahvoldan olib chiqishni va’da qilmoqda.


AQSh Federal Rezerv tizimi (markaziy banki) raisi Ben Bernanke qonunchilarga murojaat qilib, iqtisodiy o’sish uchun asos kuchli ekanini ta’kidladi:


“AQSh banklari so’nggi yillarda moliyaviy ahvolini ancha yaxshilashga muvaffaq bo’ldi. Biroq Yevropadagi ahvol AQSh moliyaviy tizimi uchun jiddiy tahdid, uni yaqindan kuzatish kerak”.

AQSh prezidenti Barak Obama Ogayo shtati saylovchilari bilan uchrashmoqda. 18-aprel, 2012-yil.


Yevropa davlatlari rahbarlari iqtisodiy krizisni hal etolmayotgani bois Birlashgan Millatlar Tashkiloti xalqaro iqtisodiy vaziyatni ham salbiy baholaydi. Mutaxassislar fikricha, Ispaniya va Gretsiya barqarorlashmas ekan, kelajak ham noaniqligicha qoladi.


“Yevropa siyosatchilari investorlarni qo’rqitib, hamma yoqni alg’ov-dalg’ov qilib yubordi. Nafaqat muammolarni hal etish, balki sarmoyadorlarni tinchlantirish uchun Yevropa rahbarlari tezda juda qiyin va jiddiy qarorlar qabul qilishga majbur”, - deydi xalqaro iqtisod bo’yicha ekspert Steven Vud.


AQSh Federal Rezerv tizimi raisi Ben Bernanke biz mamlakat iqtisodini himoya qilishga tayyormiz, deydi. U Kongressdan iqtisodiy vaziyatning yanada yomonlashishiga yo’l qo’ymaslik uchun uzoq muddatli reja qabul qilishni talab qilmoqda.