Qohiradagi voqealar butun dunyo diqqat markazida ekan, bu davlatni uzoq yillar davomida yaqindan qo’llab kelgan, eng ko’p moliyaviy yordam ajratgan Qo’shma Shtatlar prezident Husni Muborak va uning ist’efosini talab qilayotgan ommani murosa yo’lini tanlashga chaqirmoqda.
Prezident Barak Obama Isroil, Britaniya, Saudiya Arabistoni va Turkiya rahbarlari bilan Misrdagi vaziyat yuzasidan maslahatlashgan.
Amerika nazarida namoyishlar - demokratik qadam va xalqning hukumatga o’z talablari bilan chiqishga haqqi bor. Lekin Vashington Muborak ishdan ketishi kerak deyayotgani yo’q.
“Biz bu tuzum demokratik shaklga kirishini istaymiz”,- deydi AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton.
“Demokratiyaga aylanish uchun jiddiy qadamlar tashlanishi kerak”, - deydi Amerika bosh diplomati.
Klinton xonim Misrni repressiv tuzum sifatida ta’riflaydi.
“Jamiyat barqaror bo’lishi uchun demokratiya, siyosiy erkinlik va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish ustida o’ylash kerak. Misr xalqining farovon va erkin yashashga haqqi bor”,- deydi AQSh Davlat kotibasi.
Lekin, deya tushuntiradi u, ehtiyorkorlik bilan harakat qilish kerak, aks holda anarxiya va radikalizm qanot yozishi mumkin.
“Beqarorlik, tartibsizlik, zo’ravonlikning oldi olinishi kerak. Fursatdan foydalanib, yovuz kuchlar yetakchilikni qo’lga olishini, demokratiya emas, zulmga asoslangan hukumat vujudga kelishini hech kim istamaydi”, - deydi Xillari Klinton.
Misrning Vashingtondagi elchisi Samih Shukriy deydiki, uning mamlakati juda murakkab bir davrni boshdan kechirmoqda.
“Biz allaqachon demorkatik yo’lni tanlaganmiz va rahbariyatni erkinlik dushmani deb atash noto’g’ri”, -deydi elchi.
"So’z erkinligi kafolatlangan. O’tgan 20 yildan beri iqtisodiy, siyosiy va demokratik islohotlar olib borayapmiz. Ulkan yutuqlarga erishdik shu kungacha”, - deydi Samih Shukriy.
Amerika Misrdagi fuqarolarini olib chiqmoqda. Boshqa davlatlar ham u yerdagi vakillariga vatanga qaytishni maslahat bermoqda.
Vashington Misrga har yili o’rtacha 1, 2 milliard dollar miqdorida yordam beradi.
Qohira ko’chalarida yangrayotgan talablar Oq Uy oldida ham baralla aytilmoqda.
“Misr xalqi erkinlikka zor. Biz adolat talab qilayapmiz, hech kim hokimiyatga ekstremistlar kelsin deyayotgani yo’q”,- deydi namoyishchilardan biri.
Yana bir misrlik esa Amerika Muborakni quvvatlashni bas qilsin deya hayqiradi. “Boshqa narsa so’rayotganimiz yo’q, faqat diktator bilan hamkorlik qilmasin”,- deydi u.
Namoyish qilayotganlardan yana biri esa Obama arab dunyosini erkinlik va oshkoralikka chaqirgan va uning so’zlari ommaga umid, ilhom bergan deydi.