AQSh Misrga moliyaviy yordamni to’xtatdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Trampning kuyovi, Oq uy maslahatchisi Jared Kushner Qohirada Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy bilan muloqot qildi, 23-avgust, 2017-yil

Qo’shma Shtatlar Misrni inson huquqlarini poymol etishda ayblar ekan, bu mamlakatga berilayotgan moliyaviy yordam to’xtatildi. Xabarlarga ko’ra, AQSh salkam 100 million dollarlik iqtisodiy va harbiy yordamni muzlatib qo’ygan. Shuningdek, qurol sotib olish uchun va boshqa harbiy xarajatlarga berilishi kutilgan taxminan 200 million dollarlik kredit kechiktiriladigan bo’ldi.

Misr Tashqi ishlar vazirligi AQSh qarorini tanqid qildi. Prezident Donald Trampning kuyovi, Oq uy maslahatchisi Jared Kushner Misr Tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy bilan ko’rishdi, ammo matbuotda uchrashuv bekor bo’lgani haqida e’lon qilindi.

Kushner Oq uyda Isroil-Falastin muammosi bilan shug’ullanadi. Qohirada u Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy bilan ham muloqot qildi.

Sissiyning sobiq Prezident Barak Obama bilan aloqalari yaxshi bo’lmagan, ammo Tramp uning siyosatini olqishlab, aprel oyida uni Oq uyda qabul qildi.

AQSh bu mamlakatga yordamini kesganidan so’ng munosabatlar qanday bo’lishi hozircha ma’lum emas.