Kongressga saylovlarda demokratlar qora tanlilardan umidvor

  • Amerika Ovozi

Filadelfiya saylovchilari

Qora tanli elektorat odatda hamisha demokratlarga ovoz beradi. Ayniqsa, 2008-yil saylovlarida ular juda faol bo'lgan.

Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, AQShda seshanba kuni Kongressga saylovlarda respublikachi nomzodlar eng ko'p ovoz olib, qonunchilik organidagi har ikki palatada ko'pchilik o'rinlar ular qo'liga o'tishi mumkin. Shu kuni shtat va mahalliy kengashlar, merlik va gubernatorlikka ham saylovlar o'tadi. Unda ham tashabbus respublikachilar tomonida bo'lishi bashorat etilmoqda. Mavqeini saqlashga intilayotgan demokratlar targ'ibot-tashviqot ishlariga zo'r bergan. Jumladan, ularni hamisha qo'llab-quvvatlovchi qora tanli elektorat bilan.

Qora tanli saylovchilarning aksariyati hamisha demokratlarga ovoz berib kelgan, ularning tayanchi hisoblanadi. Shunga qaramay partiyaga tashviqot ishlarida yordam berishga bel bog'lagan ko'ngillilar uyma-uy yurib, aksariyati qora tanli bo'lgan Baltimor shahri aholisini saylov kuni faol bo'lishga chaqirmoqda.

"Biz odamlarni saylov kunidan oldinroq ovoz berishga chaqiryapmiz", - deydi ko'ngillilarga bosh bo'lib agitatsiya bilan shug'ullanayotgan nomzodlardan biri Kit Xeyns.

Xeyns Merilend shtati senatiga uchinchi bor saylanmoqda. Uyma-uy yurib, odamlarni ruhlantirishga harakat qilyapmiz, deydi u.

"Bir necha hafta burun ichki partiyaviy saylovlar bo'lganida, juda kamchilik ovoz berishga chiqqan edi. Asosiy saylovlarda ko'proq odam qatnashsin deymiz", - deydi u.

Saylov kampaniyasi tashkilotchilaridan birining aytishicha, qora tanli saylovchilar prezident poygasiga qaraganda Kongress saylovlarida sust qatnashadi.

"Bu ularga ham, bizga ham bog'liq. Jamoa saylov naqadar muhim jarayon ekanini, saylov kuni uyda o'tirish yarashmasligini anglashi lozim", - deydi Qora tanlilarning fuqarolik faolligi uchun kurashayotgan koalitsiya prezidenti Melani Kempbell.

Demokratlar kampaniyasi boshida ularning yetakchisi, mamlakat prezidenti Barak Obama turibdi. Shtatma-shtat yurib, respublikachilarni ularga Kongress nazorati uchun zarur qimmatli ovozlardan ayirmoqchi.

"Qora tanlilar ovozisiz demokratlar mag'lubiyati oydinroq bo'ladi", - deydi siyosiy tahlilchi Deyvid Bositis.

Uning aytishicha, poyga murosasiz kechishi kutilayotgan uchastkalarda, asosan janubiy shtatlarda qora tanli elektorat saylovga chiqsa, respublikachilar vazifasi qiyinlashadi.

"Agar saylovga chiqqan oq va qora tanlilar o'rtasida son jihatdan farq kichik bo'lsa yoki umuman bo'lmasa, bundan faqat demokratlar naf ko'radi", - deydi Bositis.

Demokratik partiya mamlakat bo'ylab qora tanli elektoratni saylovga chiqarish kampaniyasiga 2 million dollardan ziyod pul sarflamoqda. Shtat senatorligiga nomzod Kit Xeynsning aytishicha, bu ishda asosiy diqqat so'nggi yillarda saylovda qatnashmaganlarga qaratilmoqda.

"Ularni ruhlantirmoqchimiz, shijoat bag'ishlamoqchimiz, chiqib ovoz bersin. Ularga "ovozingiz juda muhim" deb tushuntirishga harakat qilyapmiz", - deydi Xeyns.

Aholini ro'yxatga olish byurosiga ko'ra, 2008-yil saylovlarida qora tanli saylovchilar soni tarixda ilk bor oq tanlilar sonidan ko'p bo'lgan. Ikki yil o'tib rekord natijani ushlab qololmasligidan xavotirga tushgan demokratlar harakatlarini saylov kunigacha bo'shashtirmoqchi emas.