Amerikada saylov poygasi qizg’in davom etayapti

  • Amerika Ovozi

Prezidentlikka respublikachi nomzodlar

So’nggi ommaviy so’rovlar natijasiga qaraganda, Amerikada prezidentlik uchun poygada iste’fodagi jarroh Ben Karson oldingi o’ringa chiqib olgan.

Milliarder tadbirkor Donald Tramp shu paytgacha reytinglarda liderlikni boy bermay kelayotgan edi. Demokrat nomzodlar orasida Hillari Klinton oldinda.

Donald Trampning yangi kitobi “Mayib Amerika: Uni qanday qilib yana buyuk davlatga aylantirish mumkin” deb ataladi. Tramp o’zini prezidentlikka eng munosib nomzod deya, raqibi Ben Karsonni holsiz, bedarmon bir odam deya tasvirlaydi.

“Mamlakatni boshqaradigan baquvvat, kuchga to’lgan shaxs bo’lishi kerak. Armiyamizni oyoqqa turg’izish, “Islomiy davlat”ni mag’lub etish, savdo bitimlarini to’g’rilash, hozirgi tibbiy sug’urta tizimini yo’q qilib, yangi arzonroq takliflar bilan chiqish uchun kuch-g’ayratga to’lgan odam prezident bo’lsin”, - deydi Tramp.

Oq uyga harakat qilayotgan respublikachilar Obama ketgach, uning ayrim qarorlarini bekor qilmoqchi. Obama prezidentlikka kelgunga qadar mamlakat farovon edi, degan gaplarni prezident mazax qildi.

“Ular nazarida 2008-yilda hammasi yaxshi bo’lgan emish. Dahshatli iqtisodiy inqiroz, ishsizlik, sug’urtasiz shifokorga borolmay qiynalgan fuqarolar, xorij neftiga tobe bo’lganimiz, Osama bin Laden haqida og’iz ochishmaydi. Men kelib, hamma ishni pachava qilgan emishman”, - deydi Obama.

Karson va Tramp

Hozirgacha nomzodlar orasida bir necha teledebatlar bo’lib o’tdi. Ben Karson va uning safdoshlari debat qonun-qoidalarini o’zgartirishni talab qilmoqda, toki bahs paytida provokatsion savollar berilmasin.

“Moderatorlar nomzodlar haqida ma’lumot ulashishi kerak”, - deydi Karson.

Shov-shuv va tanqidga sabab bo’lgan bu taklif jiddiy qabul qilinmayapti. Prezident Obama ham ularni kalaka qildi.

“Moderatorlar berayotgan savollarni eplay olmasangiz, Xitoy va Rossiya bilan gaplashishni qo’yavering”, - deydi prezident.

Prezident sayloviga hali bir yil vaqt bor. Respublikachilardan bir-ikki kishi poygani tark etgan bo’lsa-da, da’vogarlar hamon 10 dan ziyod. Demokratlardan esa Hillari Klinton oldinda.