AQSh sayloviga doir ijtimoiy so'rovlar bu gal haqiqatga qanchalik yaqin bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

AQShda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod Jo Bayden so’nggi teledebatga tayyorlanar ekan, Prezident Donald Tramp Arizona va Pensilvaniyada saylovchilar bilan uchrashdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 21-oktabr, 2020-yil

“3-noyabr kuni demokratlar olamshumul mag’lubiyatga uchrashi kerak. Gaplarim Vashingtondagi siyosatchilarnikiga o’xshamayotgan bo’lsa, buning bir sababi bor – men siyosatchi emasman”, - dedi prezident.

Demokratik partiyadan vitse-prezidentlikka nomzod Kamala Harris muhim hisoblangan Floridada tashviqot o’tkazdi.

“2020-yilgi saylov jinoiy adliya islohoti, iqlim o’zgarishiga qarshi kurash taqdirini hal qiladi, Jo Bayden taqdirini hal qiladi”, - dedi u.

Umumamlakat so’rov natijalariga ko’ra, Bayden reyting bo’yicha Trampdan ancha ilg’orlab ketgan. Biroq kurash murosasiz kechishi kutilayotgan Florida va Pensilvaniyada reytinglar deyarli teng. Bu shtatlardagi saylov natijasi juda muhimdir, deydi siyoyatshunos Deyvid Deymor.

“Bayden bu shtatlarda g’alabani ilib ketishi, biroq Tramp ham kichik ustunlik bilan g’alaba qozonishi mumkin”, - deydi u.

Ijtimoiy so’rovlar bilan shug’ullanuvchi ko’plab tashkilotlar 2016-yilgi saylovda bashorati xato chiqqach, bu gal metodikasini o’zgartirgan. Tramp o’shanda oliy ma’lumoti yo’q oq tanlilar ovozlari hisobiga g’alaba qozongan edi.

“2016-yilgi so’rovlarning eng katta xatosi shu bo’lganki, oq tanli saylovchilar ta’lim darajasiga qarab ajratilmagan edi. Oliy ma’lumotli va kollejda o’qimagan saylovchilar turlicha ovoz bergan. Bu gal bu xato bartaraf etildi. O’shanda Trampga g’alaba keltirgan shtatlarda hozir Baydenning reytingi 50 yoki undan ko’p foiz atrofida. Xillari Klintonning reytingi u yerlarda 50 foizga yetmagan edi”, - deydi Nevada universiteti eksperti.

Bu gal ikkilanib turgan saylovchilarning kamligi ham sotsiologlarga to’playotgan ma’lumotiga ishonch bilan qarashga asos bermoqda.

“Iqtisodiy ko’rsatkichlar Trampning eng kuchli tomoni bo’lib, u shunga katta urg’u beryapti”, - deydi Deymor.