Obama va Romni ayollar ko'nglini ovlamoqda

  • Amerika Ovozi
Saylov kampaniyasining so’nggi kunlarida prezidentlikka nomzodlar o’rtasidagi kurash avjida. Barak Obama va Mitt Romni ayollarni o’z tarafiga og’dirishga harakat qilmoqda. So’nggi so’rov natijalariga ko’ra, Obama uchun ovoz bermoqchi bo’lgan ayollar Romni tarafdorlaridan olti foizga ko’proq. Romnini qollab-quvvatlamoqchi bo’lgan erkaklar soni ham Obamani saylamoqchi bo’lgan erkaklardan shunchaga ko’p.

Har ikki nomzod ayollarni siylamoqda. Prezident Obama uchun saylovga ilk bor chiqadigan xotin-qizlarni o’z tarafiga og’dirish muhim.

“Birinchi marta har kim uchun emas, eng zo’r nomzod uchun ovoz berish kerak”, deyiladi siyosiy reklamalarning birida.

Ayova shtatida saylovchilar oldida so’zlagan Obama ayol va erkaklarga teng maosh to’lash haqidagi qonunni tilga oldi.

“Yosh juvonlar o’quv yurtini bitirib ishga kirgach, erkaklar bilan teng maosh olishi kerak. Buni tushunish qiyin emas. Romniga saylov kampaniyasi davomida bu haqda savol berilganida “keyinroq javob beraman’ deb aytdi”, dedi prezident.

Romni iqtisodga urg’u berar ekan, hozirgi inqirozda eng ko’p qiynalayotgan ayollar, deydi.

“Obama hokimiyatga kelganidan beri qo’shimcha 3,6 million ayol kambag’allashdi. Prezident ularning umidlarini oqlay olmadi”, dedi Romni.

Demokratlar Romni va uning partiyadoshlarini homilaning oldini oladigan kontratseptivlardan foydalanishni cheklashga, abort amaliyotini taqiqlashga intilayotganlikda ayblab keladi. Romni nazarida bunday gaplar asossiz.

“Romni kontratseptivlarga qarshi emas. U ayrim hollarda, masalan, ayol zo’rlanganida yoki salomatligi uchun tahdid bo’lganida abort qilish mumkin, deydi”, deyiladi saylov kampaniyasiga doir bir reklamada.

Biroq ayrim siyosiy tahlilchilarga ko’ra, Romni va boshqa respublikachilar ayollarning abort qildirish va kontratseptiv preparatlardan foydalanishiga to’siq qo’ymoqchi.

“Respublikachilarning saylov kampaniyasidan shunisi ma’lumki, ular ayollarning kontratseptivlar va reproduktiv salomatlik bobida tibbiy xizmatdan foydalanishini cheklamoqchi. Ayollarga tibbiy xizmat ko’rsatadigan tashkilotlarga mablag’ni to’xtatib, hatto zo’rlanish tushunchasini o’zgartirmoqchi,” - deydi Amerika Universiteti professori Jennifer Loles.

Shu universitet talabasi Elis Preston Obamaga ovoz bermoqchi.

“Barak Obama va demokratlar ayollar o’z salomatligiga oid qarorlarni mustaqil ravishda qabul qilishga qodirligini yaxshiroq tushunadi. Bizni jamiyatning teng a’zolari sifatida ko’radi”, - deydi Preston.

Yana bir talaba Rebekka Rutekovski esa asosiy masala iqtisod, shuning uchun Mitt Romniga ovoz beraman, deydi.

“Iqtisodiy xavfsizlik kerak bizga. Kollejni bitirgach ish topa olamanmi, yo’qmi – shunisi muhim. Meni shu tashvishlantiradi”, - deydi u.

Aksariyat ayollar azaldan demokratlarni afzal ko’radi, deydi siyosatshunos Jennifer Loles.

“Mitt Romni Obamaga ovoz bermoqchi bo’lgan ayollarni o’z tarafiga og’dirishi kerak. Iloji boricha haraka qilishga majbur”, - deydi tahlilchi.

2008-yilda saylovchilarning 53 foizi ayollar edi, yarmidan ko’pi Obamaga ovoz bergan.