Amerikada saylov kampaniyasi agressiv tus olmoqda

  • Amerika Ovozi

Respublikachi da'vogarlarning Janubiy Karolinadagi teledebati, Grinvil, 13-fevral, 2016-yil

AQShda prezidentlikka nomzodlar saylovchilarni o'z tomoniga og'dirish uchun qo'ldan kelgancha harakat qilmoqda, ba'zilari hatto keskin ritorikaga o'tgan.

Respublikachi nomzodlar Janubiy Karolinada 20-fevral kuni, demokrat da'vogarlar esa 27-fevral kuni partiyaviy saylovlarda qatnashadi. So'nggi kunlarda kampaniya qizib bormoqda. So'rovlarda eng kam ovoz olgan nomzodlar uchun vaqt tig'izlik qilyapti.

Janubiy Karolina saylovlariga bir haftadan kam vaqt qolganda tadbirkor Donald Tramp poygada peshqadam. Biroq bu partiya rahbarlariga yoqmayapti. Tramp o'zini eng mustaqil nomzod deb biladi.

"Ted Kruzga o'xshagan nomzodlarni olaylik. U saylov kampaniyasi uchun juda ko'p odamlardan pul olgan va endi ularga tobe. Har xil sanoatlar uni butunlay nazorat qiladi. Bush ham, Rubio ham shunday. Aks holda kim ularga pul beradi?" - deydi Tramp.

Milliarder nomzod Jeb Bush kampaniyasiga oro kiritish uchun akasi, sobiq prezident Jorj Bushni yordamga chaqirganini mazah qildi.

"Tajribamdan kelib chiqadigan bo'lsak, eng kuchli odam odatda baland ovozda gapiradigan odam emas", - dedi sobiq davlat rahbari.

Ted Kruz o'zini ishonchli, pragmatik siyosatchi sifatida ko'rsatishga harakat qilmoqda.

"Nomzodlardan ikki nafari, Donald Tramp va Marko Rubio, bir xil ish tutadi. O'tmishdagi xatolarini eslatsangiz, "yolg'on" deya baqirishga tushishadi", - deydi Kruz.

Demokratik partiyadan nomzodlar bevosita haqoratlardan o'zlarini tiyishmoqda, ammo saylov kampaniyasi borgan sari agressivlashmoqda. Xillari Klintonni turmush o'rtog'i, sobiq prezident Bill Klinton dastaklamoqda. U Floridadagi namoyishda rafiqasining yutuqlarini olqishladi.

"U odamlar bilan ishlagan. Nima ish qilsa, kim bilan ishlasa, natija hamisha ijobiy bo'lgan", - deya maqtadi sobiq prezident.

Xillari Klinton turmush o'rtog'i 1992-yilgi saylov kampaniyasida ishlatgan shiordan foydalandi.

O'shanda Bill Klinton iqtisodiyotga katta urg'u bergan edi.

"Erim prezident bo'lganida iqtisodiy ko'rsatkichlarimiz ajoyib edi", - dedi Xillari.

Unga ko'ra, o'shanda iqtisodiy taraqqiyot mevalarini nafaqat boylar, balki hamma ko'rgan. Uning raqibi senator Berni Sanders boylar va kambag'allar o'rtasida kuchayayotgan tafovutni yo'q qilishga va'da bermoqda.