Afrikaning Efiopiya mamlakatida gumanitar inqiroz kuchayib, minglab odam qo’shni Sudanga qocharkan, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbari Samanta Pauer har ikki davlatga borib, mahalliy vaziyat bilan tanishdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qo’shma Shtatlar oziq-ovqat va dori-darmonga muhtoj millionlab odamlarga gumanitar yordam uchun imkoniyat yaratilishini talab qilmoqda. O’tgan yil noyabridan beri Efiopiyaning shimoldagi Tigray va boshqa mintaqalarida davom etayotgan qurolli to’qnashuvlar aholi sillasini quritgan.
Bu mamlakatga safar qilgan Pauer 20 yil oldin Sudanga borganini esladi.
“Sudan boshqa mamlakatlarni ilhomlantiradi deb o’ylamagan edim, ammo yoshlar va xususan ayollar tomonidan nisbatan tinch o’tgan inqilob tufayli bu mamlakatdagi vaziyat qaltis bo’lsa-da, demokratik tizim tuzilishiga umid bor. AQShning uzoq yillik hamkori Efiopiyada esa vaziyat batamom o’zgacha. Qit’a mamlakatlari orasida taraqqiyot va iqtisodiy o’sish bobida ajoyib muvaffaqiyatlarga erishgan, barqarorlik va xavfsizlik bobida o’rnak bo’lgan bu mamlakat mojaroga botgan. Hukumatning Tigray aholisiga qarshi zolim kampaniyasi fuqarolar urushi va ocharchilik xavfini keltirib chiqardi”, - dedi AQSh rasmiysi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining gumanitar masalalar bo’yicha mas’ul rasmiysi Martin Griffitning aytishicha, efiopiyalik mulozimlarning gumanitar yordam bilan shug’ullanuvchi tashkilotlarga qarshi ayblovlari xavflidir.
“Gumanitar yordam asoslariga qarshi og’zaki hujumlar insonlarga qarshi zulmning oldini olishga qaratilgan qonunlar, qoidalar va majburiyatlar tarmog’ini xavf ostiga qo’ymoqda, gumanitar faoliyat va gumanitar xizmatchilarga qarshi xavfli muhitning yaratilishiga turtki beryapti”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti vakili Adotey Akvey.
Unga ko’ra, boshqa mamlakatlar Efiopiyadagi vaziyatning jiddiy ekanini anglab yetishi zarur.
“Nazarimda Bayden ma’muriyati Efiopiya masalasida siyosat qanday bo’lishini aniq bildirdi. BMT Xavfsizlik Kengashining qolgan a’zolari va Afrikadagi boshqa mamlakatlar ham tashabbusni qo’lga olib, Efiopiyadagi vaziyatning Sudan, Jibuti, Somali va Eritreyaga jiddiy ta’sir qilishi mumkinligini tushunishi kerak”, - deydi Akvey.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham Tigrayga gumanitar yordamni yetkazishda yo’llarning to’silganidan xavotir bildirib kelmoqda. YUNISEF tashkilotiga ko’ra, Tigrayda 100 mingdan ziyod bola kelasi 12 oyda to’yib ovqat yemaslikdan aziyat chekishi mumkin.