Energiya AQSh va Rossiya o'rtasida yangi ziddiyat manbaiga aylanishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Polshaga tashrif buyurgan AQSh Prezidenti Donald Tramp Markaziy Yevropaga suyultirilgan gaz eksportini ko'paytirishni va'da qildi. Bu bilan mintaqaning Rossiyaga qaramligini kamaytirish maqsad qilinmoqda. Ko'plab Yevropa davlatlari Moskvani energiyadan siyosiy qurol sifatida foydalanayotganlikda ayblaydi. Tahlilchilar fikricha, energiya ta'minoti masalasida ham AQSh va Rossiya manfaatlari to'qnash kelmoqda.

Prezident Tramp Polshada gaz eksporti masalasiga alohida e'tibor qaratdi.

"Amerika energiyani turli manbalardan olishda Polshaga va boshqa Yevropa davlatlariga yordam berishga tayyor. Toki yagona ta'minotchiga bog'lanib qolishmasin", - dedi Tramp.

Hozirgacha gazni faqat Rossiya yetkazib berardi. Davlatga qarashli "Gazprom" kompaniyasi 2015-yil Ukrainaga boradigan quvurlarni to'xtatib qo'ygach, Sharqiy Yevropa gazsiz qolib ketdi.

"Gaz va energiya orqali Markaziy Yevropaga ta'sir o'tkazish Rossiya tashqi siyosatining muhim ustuni", - deydi tahlilchi Marek Matraszek.

Suyultirilgan Amerika gazi ilk bor Polshaga o'tgan oy keltirildi. Mamlakat Yevropa uchun distribyutorlik markaziga aylanish niyatida.

Shu maqsadda Varshavada o'tgan sammitda, Sharqiy Yevropa davlatlari yetakchilari, jumladan, Prezident Donald Tramp qatnashdi.

Trampning aytishicha, AQSh hech qachon energiyadan siyosiy qurol sifatida foydalanmaydi. Polsha Tashqi razvedka agentligining sobiq rahbari Gregorz Malekiga ko'ra, Rossiya vaziyatni yaqindan kuzatmoqda.

"Agar yangi gaz ta'minoti va infratuzilma ishga tushirilsa, bu Rossiyani chora ko'rishga undaydi. Polsha hukumati shuni ham nazarga olyapti. Energiya masalasida Rossiya Polshaga nisbatan siyosatini o'zgartirishi mumkin", - deydi u.

Rossiyaning boshqa rejalari ham bor. 2019-yilda ishga tushishi mo'ljallangan "Nord Stream 2" quvuri Ukrainani aylanib o'tib, to'g'ridan to'g'ri Germaniyaga gaz yetkazishni ko'zda tutadi. Sharqiy Yevropa davlatlari bunga qarshi.

"Agar AQSh gazi Markaziy Yevropaga kelishini xohlasak, AQSh "Nord Stream 2" loyihasiga ham bosim qo'yishini xohlaymiz. Bu Rossiyaga qarshi bosim, demakdir", - deydi Matraszek.

Agar yangi gaz ta'minoti yo'lga qo'yilsa, bu AQSh-Rossiya aloqalarida katta o'zgarishlar yasaydi, deydi tahlilchilar.

"Bular tez orada amalga oshadi va bizga Putin va rossiyaliklar ustidan kuchliroq ta'sir o'tkazish, nafaqat Yevropaga, balki AQShning o'ziga qarshi bo'layotgan agressiv harakatlarga qarshilik ko'rsatish imkonini beradi", - deydi amerikalik tahlilchi Jon Hanna.

Prezident Tramp Rossiya rahbari Putin bilan birga ishlay olishiga hanuz ishonadi, ammo Yevropadagi energiya siyosati aloqalarda yangi ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin.