“Ginpis” (Greenpeace) tashkiloti dushanba kuni tarqatgan hujjatlardan ayon bo’lishicha, AQSh va Yevropa Ittifoqi yangi savdo bitimini muhokama qilar ekan, iddaolarga ko’ra, tabiat muhofazasiga e’tibor bermay, katta korporatsiyalar manfaatlarini himoya qilishga urg’u bermoqda.
Internetda chop etilgan 248 betli hujjat, “Grinpis” faollariga ko’ra, dunyodagi eng katta ikki tomonlama savdo va sarmoya pakti tafsilotlarini oydinalshtiradi.
AQSh insonlar va hayvonlar salomatligi hamda o’simliklar va tugaydigan tabiiy boyliklardan foydalanishga oid mezonlarni pasaytirishga, ishlab chiqarilgan mahsulotlarga oid qoidalarni ham zaiflashtirishga va korporatsiya lobbilariga kattaroq salohiyat berishga urinmoqda, deydi tashkilot faollari.
"Mazkur bitim tabiat uchun, Yevropa Ittifoqi va AQShda yashovchi 800 million odam hayoti uchun jiddiy salbiy oqibatlarga yetaklaydi”, - deyiladi “Grinpis” bayonotida.
Tashkilotga ko’ra, Translatlantika savdo va sarmoya hamkorligi (TTIP) deb nomlangan bitim korporatsiyalar ustuvorligini mustahkamlab, atrof-muhit hamda insonlar salomatligini inobatga olmayapti.
"Yevropa Ittifoqi pozitsiyasi yomonligini ilgari ham bilardik, endi esa AQSh pozitsiyasi undan ham yomonroqligi ayon bo’ldi. Taraflarning murosaga kelishiga yo’l qo’ymaslik kerak”, - deyiladi bayonotda.
Amerika rahbariyati bayonotga munosabat bildirganicha yo’q. Yevropa Ittifoqining Savdo komissari Sesiliya Malmstrom “bugungi qo’rqinchli sarlavhalar”ni pashshadan fil yasash bilan qiyoslab, ular aslida e’tiborga sazovor emas, deb aytdi.
"Internet orqali tarqatilgan hujjatlarda esa AQSh va Yevropa Ittifoqining muzokara davomidagi pozitsiyasi aks etgan, xolos. Taraflarning masalaga turlicha yondashishi ham hech kimni hayron qoldirmasa kerak", - dedi rasmiy.
Malmstrom, shuningdek, “ilgari ham bot-bot gapirilganidek, hech qanday bitim xaridorlar huquqlari himoyasi, oziq-ovqat xavfsizligi yoki tabiat himoyasiga oid mezonlarni pasaytirmaydi”, - deya ta’kidladi.
Vashington va Bryussel bitimni Prezident Barak Obamaning prezidentlik muddati tugashidan oldin imzolashni rejalamoqda.
Ammo AQShda prezidentlikka respublikachi va demokrat nomzodlar shartnoma Amerika ishchilari huquqlarini cheklashidan xavotir bildirgan.