AQSh rahbari Barak Obamaning qayd etishicha, uning davlati islomga qarshi urushda emas. Aksincha, deydi u, bu islomni badnom qilayotgan vahshiy guruhlarga qarshi kurash.
"Islomiy davlat" kabi to'dalar adolatsizlik va korrupsiya sabab muhtojlikda yashayotgan, imkonsiz aholi orasida o'ziga yangi a'zolar izlaydi. Biroq Obama fikricha, terroristlarni bir toifada ko'rish noto'g'ri.
Ular o'ziga to'q, qonun ustuvor, farovon jamiyatlardan ham chiqmoqda. Buning sabablarini o'rganish, ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qiynalayotgan jamoalar bilan ishlash kerak, ularning dardiga quloq solish lozim.
AQSh prezidenti "islomiy ekstremizm", "islomiy terrorizm", "islomiy radikalizm" degan iboralarni rad etadi. Bu e'tiqodlararo yoki madaniyatlararo urush emas, deydi Obama, bu insoniyat va insoniylik uchun kurash.
Yaqinda Fransiya va Daniyada hujum uyushtirganlarga AQSh muayyan din vakillari emas, balki shunchaki "terrorchilar" deb qarashini bildirgan.
Oq uy ekstremizmga qarshi kurashga oid uch kunlik xalqaro anjumanga mezbon. Unda 60 dan ortiq mamlakatdan diniy yetakchilar, politsiyachilar va rasmiylar ishtirok etmoqda.
Maqsad - ekstremistik mafkuralarga qarshi choralarni muhokama qilish va fikr almashish. Ekstremizmga qarshi kurash "Islomiy davlat" kabi guruhlarni yo'q qilishga qaratilgan katta strategiyaning bir qismi, deydi tashkilotchilar.
Anjuman xalqaro maydonda hujumlar kuchaygan, Avstraliya, Kanada, Fransiya va Daniyada teraktlar ro'y bergan bir paytga to'g'ri kelmoqda.
Sammitni ochar ekan, AQSh Vitse-prezidenti Jo Bayden shunga urg'u berdiki, muammoni harbiy kuch bilangina hal qilib bo'lmaydi.
"Muhojir jamoalarga kengroq imkoniyatlar yaratilishi, ular jamiyatga integratsiyalashishi uchun ko'mak ko'rsatilishi zarur. Terrorizm manbai - qo'rquv, yakkalanish va nafrat. Politsiya diniy va biznes jamoalar bilan, yoshlar bilan yaqindan ishlashi kerak".
Prezident Obama mehmonlar oldida so'zlar ekan, jumladan shunday dedi:
Faqatgina qashshoqlik terrorizmga yetaklaydi deb hisoblash juda tor fikrlash bo'ladi
"Islomiy davlat" kabi radikal guruhlar adolatsizlik va korrupsiya sabab muhtojlikda va zulm ostida yashayotgan, erkin fikr bildirish imkoniyatidan mahrum odamlarni o'ziga ergashtirishga harakat qilyapti".
Ekstremizmga yetaklovchi omillardan biri - avtoritar tuzumlar inson huquqlarini poymol etishi, dedi prezident. Lekin faqat qashshoqlik terrorizmga yetaklaydi deb hisoblash juda tor fikrlash bo'ladi, deydi u.
"Terrorizm va ekstremizm na islom diniga, na boshqa bir e'tiqodga mansub... AQSh va dunyo hamjamiyati islom bilan emas, bu dinni badnom qilayotgan guruhlarga qarshi kurashyapti", - deya eslatadi Obama.
"Islomiy davlat" va al-Qoida kabi guruhlariga "biz musulmonmiz va qilayotgan ishimiz islom" deya o'zini targ'ib qilishiga yo'l bermaslik kerak. Islom ahli bu guruhlarni tubdan inkor etib, yosh avlodga haqiqiy islomdan saboq berishi lozim, deya undaydi Obama. Terrorchilar bir milliard musulmon nomidan gapira olmaydi, ular bu e'tiqodni qonxo'rlikka tenglashtira olmaydi, deydi prezident.
Tanqidchilar, xususan respublikachilar nazarida esa uning ma'muriyati musulmon ahlini ranjitmaslik uchun "radikal islom" iborasini qo'llashga jur'at etolmayapti.
Ekstremizmga yetaklovchi omillardan biri - avtoritar tuzumlar inson huquqlarini poymol etishi, deydi Obama.
Anjumanda Markaziy Osiyo davlatlaridan ham vakillar qatnashyapti.
Qo'shma Shtatlar "Islomiy davlat" singari qonxo'r guruhni yo'q qilish, al-Qoida kabi beshafqat tizimlar ildiziga bolta urish uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'radi va ko'rib kelmoqda, deydi Obama.
Ekstremizmga yetaklovchi omillardan biri - avtoritar tuzumlar inson huquqlarini poymol etishi
Ularga qarshi kurashish har bir davlatning burchi va hukumatlar buni avvalo qonun ustuvorligini ta'minlash va insonni qadrlashdan boshlashi lozim, deydi Amerika prezidenti. Jamiyatlar ijtimoiy-iqtisodiy illatlar, siyosiy mojarolar va adolatsizliklarni bartaraf etib, yosh avlod farovon yashashi uchun yo'l ochsagina, ularning vakillari ektremist va terroristlar safiga intilmaydi, deydi Obama.
"Islomiy davlat" ga qarshi xalqaro koalitsiyaga Amerikaga boshchilik qilmoqda, biroq Vashingtonning umidi shuki, g'arbu-sharqdagi barcha hamkorlar bu kurashga sidqidildan salmoqli hissa qo'shadi.