Qo’shma Shtatlar o’zining eng yirik ikki savdo hamkori Meksika va Kanada bilan 1994-yilda qabul qilgan savdo shartnomasi NAFTA bitimini 2018-yilda yangilashga muvaffaq bo’ldi. Biroq yangi savdo bitimi Kongressda ovozga qo’yilmayotgani bois kuchga kirgani yo’q, bu esa amerikalik fermerlar noroziligiga sabab bo’lmoqda.
Ilinoys shtatining Dekatur shahrida ikki yilda bir marta “Fermerlik taraqqiyoti” deb nomlanuvchi yarmarka o’tkaziladi. Qishloq xo’jaligi sohasidagi eng so’nggi yutuqlar va texnologik yangiliklar bilan ana shu yarmarkada tanishish mumkin.
Biroq bu yilgi tadbirda AQSh dehqonlarida xalqaro savdo yuzasidan o’z fikrlarini bildirish imkoni ham bo’ldi.
“Illinoyslik fermerlar daromad ko’rishi uchun eksport bozorining mavjudligi muhim. Amerikada eng ko’p jo’xori eksport qiladigan shtat bizmiz”, - deydi Illinoys makkajo’xori ishlab chiqaruvchilari uyushmasidan Trisiya Breyd.
Uyushmaning bu yilgi ko’rgazma uchun tashkil etilgan stendi AQSh, Meksika va Kanada savdo shartnomasining muhimligiga bag’ishlagan.
“Makkajo’xori yetishtirish bilan shug’ullanuvchi fermerlar bilan 10 yildan beri hamkorlik qilayotgan bo’lsam, ko’rgazmada ilk bor savdoga katta urg’u berilmoqda”, - deydi Breyd.
Uyushma tadbirga kelgan fermerlarga o’z muammo va xavotirlarini qonunchilarga bevosita bildirish imkonini beruvchi aksiyaga qo’l urdi.
“Ro’yxatdan o’tgan fermerlar Kongress yoki Senatdagi qonunchilari bilan telefon orqali bog’lanish hamda ularni AQSh, Meksika va Kanada shartnomasini ratifikatsiya qilishga da’vat etish imkoniga ega bo’ladi”, - deydi Trisiya Breyd.
Ana shunday dehqonlardan biri Jim Raben uchun mahsulotlarini Kanada va Meksika bozorlariga yangi savdo bitimi ta’siridagi narxlarda sotish suv va havoday muhim. Bu yilgi yog’ingarchiliklar ekish mavsumida talaygina muammolar yaratdi.
“Ekin maydonlarimizning 20-25 foizi noqulay havo tufayli yaroqsiz holga kelgan. Ekilgan yerlarning yana 10 foizida suv turib qoldi”, - deydi Jim Raben.
U va ko’plab boshqa fermerlar mavhumliklarga sabab bo’layotgan AQSh siyosatidan ham asabiylashmoqda. Jim Rabenning aytishicha, Xitoy va boshqa xaridor davlatlar Shimoliy Amerika mamlakatlari o’rtasidagi savdo bitimining imzolanishini kutmoqda.
“Shartnomani allaqachon tasdiqlash kerak edi. Siyosiy o’yinlar bo’lmaganida edi, allaqachon ma’qullangan bo’lardi”, - deydi u.
“Agar bitim bugun ovozga qo’yilganida, har ikkala partiya qonunchilarining katta qismi unga ovoz bergan bo’lardi. Bu ajoyib shartnoma, AQSh uchun juda kerakli”, - deydi AQSh Qishloq xo’jaligi vaziri Sonni Perdu.
“Fermerlik taraqqiyoti” yarmarkasiga tashrif buyurgan vazir dehqonlar bilan gaplashib, ularning xavotirlariga quloq tutdi, savdo shartnomasining tasdiqlanishini u ham kutayotganini aytdi. Unga ko’ra, shartnoma taqdiri ayni paytda Tramp ma’muriyati qo’lida emas.
“Hujjat Kongress ratifikatsiyasini kutmoqda. Biroq buning uchun Vakillar palatasi spikeri uni taqdim etishi kerak”, - deydi AQSh Qishloq xo’jaligi vaziri Sonni Perdu.
Kongress a’zolari yozgi ta’tilni yakunlab, shu oy ishga chiqmoqda, biroq savdo shartnomasining qachon qonunchilarga taqdim etilishi noma’lum, mavhumlik esa fermerlar xavotiriga xavotir qo’shmoqda.