Akvaponika - baliq va sabzavotlarni yonma-yon yetishtirish

  • Amerika Ovozi
Fermerlikning yangi bir turi rivojlanmoqda. Akvaponika nomini olgan bu amaliyotda baliq va sabzavotlar birga yetishtiriladi. Uning tabiatga zarari ozligi esa ekologlar e’tiborini ham o’ziga tortgan. Endi gap bu yangi biznes turining daromadini ta’minlash.


Baltimordagi “Silburn” akvaponika fermasidamiz. Har bir bochkada qorni och 240 ta baliq.

Ferma menejeri Lora Jenello ularga yem beryapti. Konteynerlardan chiqqan iflos, ya’ni baliq axlatiga to’la suv quvurlar orqali polizga yetkaziladi. Bu yerda qalampir, bodring va boshqa sabzavotlar ekilgan.

“Baliqlar – ekinning yaxshi o’sishi uchun kerakli barcha moddalar manbai. O’simlik esa baliq suvini tozalaydi,” - tushuntiradi Jenello.

Bunday tizim akvaponika deyiladi. Akva - suv, suv xo’jaligi, ya’ni baliqchilik. Gidroponika esa ekinni tuproqda emas, suvda o’stirish.

“O’simliklar bevosita suvda o’sadi. Mana bunday penoplast idishlarda suzib yuradi,” - deydi Jenello.

Bu jajjigina issiqxonada haftasiga 5-10 kilogramm sabzavot yetishtiriladi. Jenello yiliga 250 kilogramm baliq yetishtirish niyatida.

Akvaponika birinchi navbatda ekologlarga ma’qul keldi. Chunki an'anaviy baliqchilik oqibatida baliqlarning ko’pgina turlari yo’q bo’lib ketish arafasida. Dunyo bo’ylab baliqlarning yarmi fermalarda yetishtiriladi. Ammo bu xo’jaliklar suvlarni ifloslantiradi, deydi Jon Hopkins universitetidan olim Deyv Lov.

“Bunday holat davom etaveradi. Okeanda baliqlar kamayar ekan, fermalar faoliyati kengayadi. Ammo asosiy maqsad - bu faoliyatni mas’uliyat bilan yuritish. Fermalarning daromadini oshirib, tabiatga zararini kamaytirish,” - deydi u.

Baltimor yaqinida joylashgan “Chesapik” akvaponikasi uchun daromad – jiddiy masala. Olimlar izlanishlarni davom ettirar ekan, Ellen Perlman ishni biznezga aylantirish ilinjida.

U noyob ko’kat va sabzavotlar yetishtirmoqda. Qish yaqinlashar ekan, bunday mahsulotlarga talab yanada oshadi.

“Havo sovuqligida ular issiqxonada yaxshi o’sadi. Axir, qaxraton qishda polizdan olingan ko’kat va sabzavotlarni qayerdan topasiz? Bu oson emas,” - deydi Perlman.

Ammo havo sovuganida baliqlar konteynerlari ham isitilishi kerak. Bu esa qo’shimcha mablag’ talab qiladi. Shu bois biznes hozircha foyda keltirgani yo’q.

Ammo akvaponika yangi amaliyot. Hali muvaffaqiyatga erishamiz, deydi loyiha rahbari.
“Baliq axlatidan o’simlik, xususan ko’kat va sabzavotlar yetishtirish uchun foydalanish go’yasi ko’plarni nihoyatda qiziqtirishi tabiiy. Ammo bunday tizim ustida hali ko’p ishlash kerakligini yoddan chiqarmaylik. Kamchiliklar yetarli,” - deydi Jenello.

Muammolarga qaramay baliq va sabzavotlarni birga yetishtirish imkonini beradigan bunday amaliyot mamlakatda keng tarqalmoqda. Tabiatni asraydigan har qanday biznes turining tarafdorlari ko’p.