AQSh hukumati Navaxo qabilasi bilan kelishuvga erishdi

  • Amerika Ovozi

Ben Shelli, Navaxo qabilasi lideri (chapda) Navaxo kengashi vakili Lorentso Beyts bilan, Santa Fe, Nyu-Meksiko shtati

AQSh hukumati Navaxo qabilasiga 554 million dollar pul to’laydi. Bu bilan 50 yil avval boshlangan munozaraga yakun yasaladi.

Bu tub aholiga Amerika hukumati tomonidan bir paytning o'zida to’langan eng katta hajmdagi moliyadir.

Buning evaziga Navaxo qabilasi o’z zaxiralari va mablag’ni suiistemol qilganlik ayblovidan voz kechadi. Ammo kelishuv qabila kelajakda hukumatga nisbatan o’xshash ayblovlar qo’ymasligini anglatmaydi.

Navaxolar hukumatni ularga tegishli 5,7 million gektar yerni va tabiiy boyliklarni noto’g’ri ishlatganlikda ayblagan. Bu yerdan qishloq xo’jaligi mahsuloti yetishtirish, konchilik, neft va gaz qazib olish uchun foydalanilgan.

Amerikaning tub aholisi federal hukumatga qarshi 100 dan ziyod sud ishlari qo’zg’atgan. 2012-yil boshidan buyon hukumat 80 ta ishda murosaga erishgan va hammasi bo’lib 2,5 milliard dollar to’lashga majbur bo’lgan.

Navaxo qabilasi bilan tuzilgan shartnomaga ko’ra, sud ishi bekor qilinadi.

Ularning lideri Ben Shelli “ko’p yillar davomida bu masalani hal etish ustida ter to’kdik”, deydi.

“Uzoq davom etgan jarayondan keyin nihoyat mazkur masalada kelishuvga erishilganidan va Navaxolarga adolatli badal to’lanajagidan xursandman,” – dedi u.

Shelli, shuningdek, qabilaga tegishli yerlarda majlislar o’tkazilib, hukumat to’laydigan mablag’ni qanday taqsimlash ko’rib chiqilishini aytdi.