Qo’shma Shtatlar Isroil va Falastin rahbarlarini ixtilofga barham berishga, taranglikni yumshatishga chaqirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
XAMAS harakati G’azo shahrida Isroil havo hujumida 12 qavatli imoratning vayron qilinishiga javoban 11-may kuni Isroil sobiq poytaxti Tel-Aviv tomon 130 ta raketa otganini bildirdi.
Dushanbadan beri G’azoda kamida 48 falastinlik, Isroilda esa 5 yahudiy o’lgan. Qurbonlar orasida to’qqiz musulmon bola ham bor. Jarohat olganlar 100 dan oshgan.
“Isroil va G’azodan raketa otayotganlar o’rtasida ixtilof kuchayganidan tashvishdamiz va tomonlarni bosiqlikka chaqiramiz. Isroil o’zini mudofaa qilishga haqli. Falastinliklar ham xavfsizlikda yashashga haqli. G’azo va Isroilda insonlar, jumladan bolalar nobud bo’lganidan tashvishdamiz”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.
Ba’zilar Qo’shma Shtatlarni o’z vaqtida liderlikni qo’lga olib, vaziyatga aralashmaganlikda ayblamoqda.
“AQSh qo’ldan kelgancha harakat qilyapti. Muayyan vaziyatlarda imkoniyatlarimiz cheklangan”, - deydi rasmiy.
Kuzatuvchilar hududda qon to’kilishlarini to’xtatish uchun liderlik va diplomatiyani ishga solish kerak, deydi.
“Vaziyat o’ta jiddiy bo’lib, mintaqada haqiqiy rahbarlar yo’qligi ayon bo’ldi. Bundan esa ekstremist kuchlar foydalanyapti. Har safar aholiga qarshi zo’ravonlik va raketalar qo’llanganida vaziyat nazoratdan chiqqanini bilsa bo’ladi. Bu esa AQShga diplomatiya orqali ziddiyatlarni yumshatishga harakat qilish uchun bir imkoniyatdir”, - deydi Vashingtondagi “Amerika taraqqiyoti markazi” tahlilchisi Brayan Katulis.
Yana bir ekspert AQSh ittifoqchisi bo’lgan Isroil bilan muloqot qilishi kerak, deydi.
“Qo’shma Shtatlar Isroil bilan mavzu bo’yicha bemalol gaplasha oladi, ammo XAMAS bilan bevosita muloqot qilishga imkon, kanal yo’q. Buni boshqa taraflarga havola qilamiz”, - deydi AQSh Tinchlik institutidan tahlilchi Lyusi Kurser-Ellenbogen.
Kuzatuvchilar xususan Misr va Iordaniya bu borada faol bo’lishi kerakligini aytadi.
BMT Xavfsizlik Kengashi yopiq eshiklar ortida favqulodda majlis o’tkazyapti. Ayrim manbalarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Isroil bilan sahna ortida muloqot natija berishiga umid qilarkan, kengashning vaziyat yuzasidan rasmiy bayonoti bu harakatlarga pand berishi mumkin deya, hujjatning qabul qilinishini kechiktirishga urinmoqda.
Bugun G’azoda Isroil hujumida bir avtomobil vayron bo’ldi, ichidagi odamlar o’lgan.
"Bu tinch aholiga qarshi jinoyat. Hammasi oddiy insonlar edi – bir ayol, uning farzandlari, bir sartarosh va bir attor. Ular birorta jangari yoki ularning qo’mondonini o’ldirgani yo’q”, - deydi Obid Aldaya ismli bir arab.
Isroil hujumlarida ko’p qavatli uy quladi, yana biriga qattiq zarar yetdi. Isroil XAMAS a’zolarini nishonga olayotganini bildirib, aholiga uylarini tark etishni tayinlab oldindan ogohlantirgan.
Isroilning Lod shahrida mahalliy yahudiy va arab aholi to’qnashgan, bir sinagogaga o’t qo’yilgan.
“Tunda yuzlab yosh arablar kelib, avtomobillarga o’t qo’yishdi, oynalarni sindirishdi. Uydan chiqish xavfli bo’lib qoldi”, - deydi bir ravvin.