Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, bu yil AQShning bir qator yirik shaharlarida qotilliklar soni keskin oshgan. Buning aniq sabablari ma'lum emas.
"The New York Times" nashrining yozishicha, 30 dan ortiq shaharda odam o'ldirish o'tgan yilga qaraganda jiddiy ravishda ko'paygan. Masalan, poytaxt Vashingtonda o'tgan yili 73 odam o'ldirilgan bo'lsa, 2015-yil bu raqam 105 kishini tashkil qiladi.
Merilend shtatining Baltimor shahrida esa joriy yil hozirga qadar 215 odam o'ldirilgan. O'tgan yili xuddi shu paytgacha bu yerda qotilliklar soni 138 ta edi. Milvoki, Sent-Luis va Yangi Orlean kabi yana ko'plab shaharlarda ham odam o'ldirish hollari 100 dan ortiqni tashkil etadi.
2015-yil qotilliklar sonining keskin oshgani siyosatchilar va huquq-tartibot organlarini muammoning sabab va yechimlarini topishga undamoqda.
Ayrimlarga ko'ra, so'nggi paytlarda politsiya zo'ravonligiga qarshi namoyishlar ko'paygani bois huquq-tartibot xodimlari jinoyatchilikka qarshi kuch ishlatishni kamaytirgan va natijada qotilliklar ko'paygan. Ammo bir qator yetakchi politsiya rasmiylarining aytishicha, qashshoq hududlarda ko'plab yoshlar arzimas janjallarni qurol orqali hal qilishni afzal ko'rayotgani muammoning asosiy sababidir.
"The New York Times"ning qayd etishicha, AQSh tarixida qotilliklar eng ko'p uchragan davr o'tgan asrning 80-yillari oxiri va 90-yillari boshiga to'g'ri keladi. O'sha paytda odam o'ldirish hollari hozirgi raqamlardan ancha yuqori bo'lgan.