Qo'shma Shtatlar BMT Inson huquqlari kengashi o'z nomiga loyiq emasligini aytib, bu organni tark etdi. BMTdagi elchi Nikki Heylining ta'kidlashicha, kengash azaldan huquqni poymol etuvchilarni himoya qilib keladi va xususan Isroilga nisbatan noxolis yondashadi.
Vashington Inson huquqlari kengashini isloh qilishga, unga a'zolarni saylash tartibini o'zgartirishga chaqirib kelayotgan edi. Isroil hukumati AQSh qarorini olqishlamoqda.
"A'zolariga qarang, eng fundamental huquqlar dahshatli ravishda oyoq osti qilinayotganini ko'rasiz", - deydi Nikki Heyli Venesuela, Xitoy, Kuba va Kongoga ishora qilib.
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo ham BMTning bu idorasini "sharmandalarcha ikkiyuzlama faoliyat" yuritayotganlikda aybladi.
BMT bosh kotibi quyidagicha bayonot chiqardi:
"Bosh kotib Qo'shma Shtatlarning Inson huquqlari kengashida qolishini juda istardi. Bu tuzilma butun dunyo bo'ylab huquqni targ'ib va himoya qilishda muhim rol o'ynaydi".
12 nohukumat tashkilot, jumladan "Ozodlik uyi" (Freedom House) va "Bolalarni Asrang" (Save the Children), AQShning qaroridan norozilik bildirib, davlat kotibiga maktub yo'llagan. Unda kengash faoliyatidagi nuqsonlar tan olinadi.
"Ammo kamchiliklar kengashni tark etish uchun asos bo'lolmaydi. Amerika a'zoligisiz bu idora yanada zaiflashadi", - deyiladi maktubda.
"Xalqaro Amnistiya" (Amnesty International) tashkiloti rahbari Salil Shetti AQShni kengashdan chiqish fikridan qaytishga undamoqda.
"Amerika e'zozlashini da'vo qilayotgan fundamental huquq va erkinliklarga Prezident Tramp e'tibor ekaniga yana guvoh bo'layapmiz. Inson huquqlari kengashi mukammal organ emas, lekin mas'uliyat va adolat ta'minlanishida muhim kuch", - deydi u.
Xyuman Rayts Votch (Human Rights Watch) tashkilotining Osiyo bo'yicha direktor muovini Fil Robertson deydiki:
"Qo'shma Shtatlar birgina Isroil tufayli inson huquqlari kengashining jahon bo'ylab qilayotgan ishlarini nazarga ilmayapti".
BMT Inson huquqlari kengashi 2006-yilda, Inson huquqlari komissiyasi o'rnida tuzilgan. Uning vazifasi - global maydonda inson huquqlarini targ'ib va himoya qilish. AQSh unga 2009-yilda qo'shilgan. Avvalgi organ ham huquqni e'zozlamaydigan davlatlarni a'zolikka qabul qilgani uchun tanqid qilinar edi.
Kengashga har uch yilda o'zgarib turadigan 47 mamlakat a'zo va ular yilda uch marta uchrashib turadi. Suriya, Shimoliy Koreya, Burundi, Myanma Janubiy Sudan bilan shug'ullanuvchi alohida komissiyalari bor. Vaziyatni o'rganish uchun mustaqil ekspertlarni ham davlatlarga yuboradi.
O'tgan yillar ichida BMT inson huquqlari idorasiga Rossiya, Xitoy, Saudiya Arabistoni va Jazoir kabi davlatlar saylangani, shuningdek, uning har bir majlisida Isroil tanqid qilinishi AQShning chuqur noroziligiga sabab bo'lgan. Elchi Nikki Heyli Isroil masalasini kun tartibidan chiqarib tashlashni talab qilayotgan edi.
Tramp boshqaruvi ostida AQSh yil oxirida YUNESKO tashkilotini ham tark etadi.
Shu bilan birga AQSh Falastinlik qochqinlarga ko'mak ko'rsatuvchi BMT idorasiga moliyaviy yordamni 80 foizga kesadi.
"Inson huquqlari kengashni tark etayapmiz",- deydi Heyli, "lekin inson huquqlari himoyasidan chekinmaymiz".