2018-yil Amerikada yashash orzusida bo’lgan migrantlarga nimalar keltirdi? Prezident Donald Trampning immigratsiya bobidagi siyosati qanday natija bermoqda?
Your browser doesn’t support HTML5
Agar ketayotgan yilni migratsiya va immigratsiya bobida sarhisob qiladigan bo’lsak, minglab odamlar Rojdestvo va Yangi yilni AQSh-Meksika chegarasida kutib olishga majbur ekanini ta’kidlash lozim. Markaziy Amerikaning bir necha mamlakatidagi qashshoqlik, jinoyatchilik, siyosiy beqarorlikdan qochgan odamlar bir necha ming kilometr yo’l yurib, yakuniy manzil – Amerikaga kirishga urinmoqda.
Prezident Tramp siyosati oqibatida migrant bolalarning ota-onalaridan ayrilganini ko’rdik, muhojirlarni mamlakatga kiritmaslik maqsadida chegaraga minglab qo’shinlar safarbar etilganini, migrantlarga qarshi ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llanganini bilamiz.
Tramp saylov kampaniyasi paytida berilgan va’dalarini bajarishga odatlangan. Ammo janubiy chegarada devor qurish rejasi hanuz amalga oshmadi. Kongress mavjud to’siqlarni yangilashga mablag’ ajratdi, xolos.
Aprel oyida Markaziy Amerikadan AQShga yo’l olgan odamlarning bir qismigina 3200 kilometrlik mashaqqatli sayohatdan so’ng chegaragacha yetib keldi. Bundan xavotirga tushgan Tramp Milliy gvardiya qo’shinlarini chegaraga safarbar etdi. Chegaradan o’tgan migrantlardan farzandlarini olib qo’yishdi.
“Bolalarga yaxshi qaraymiz. Soliq to’lovchilardan tushayotgan pulning bir milliard dollari muhojirlar bolalariga sarflanmoqda”, - degan edi o’shanda sobiq adliya vaziri Jeff Seshns.
Biroq ota-onalaridan ayrilgan bolalarning dod-faryodlari yozilgan audio tasma jamoatchilikka oshkor etilgach, fuqarolar orasida bunday siyosatga norozilik kuchaydi. Nyu-Yorkda hatto momolar namoyishi bo’lib o’tdi.
“Farzandlarining ahvolidan bexabar bo’lish jahannamga tushishdan battar”, - degan edi namoyishchi momolardan biri.
Chegara zonasida yashovchi aholi ham yelka qisdi, boshini chayqadi.
“Bu odamlarning mamlakatimizga noqonuniy kirgani balki yaxshi emasdir, ammo shuni deb bu oilalar, farzandlarini kamsitishimiz kerak deb o’ylamayman”, - degan edi texasliklardan biri.
Jamoatchilik noroziligi prezidentni iyun oyida bolalarni oilalaridan ajratish siyosatini to’xtatishga majbur qildi, biroq 2600 ga yaqin bolaning ba’zilari hanuz ota-onalariga qaytarilgani yo’q.
AQSh Kongressiga saylovlardan oldin muhojirlarning yangi karvoni yo’lga chiqdi. Tramp ularni “bosqinchilar” deb atadi.
“Ularni kutib olamiz deb o’ylashayotgan bo’lishsa, chuchvarani xom sanashibdi”, - degan edi u.
Tramp tarafdorlari chegaralarni yopishga chaqirdi.
“Bolalarim xavfsizligidan xavotirdaman, ochiq chegara yaxshilikka olib bormaydi”, - deydi ulardan biri.
Davlat rahbari 5000 dan ziyod qo’shimcha harbiylarni gvardiyachilarga yordamga yubordi.
Migrantlar boshpana so’rash uchun uzun navbatda turishga majbur bo’ldi. AQSh Bojxona va chegara xizmati arizachilar ko’pligidan nolidi.
Chegaraning narigi tomonida, Meksikaning Tixuana shahrida kutib turgan muhojirlar toqatsizlanib, noyabr oyida tinch namoyish tartibsizliklarga aylandi, chegarachilar ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llashga majbur bo’ldi.
“Men va qizlarim gazdan zaharlanib o’lamiz deb qo’rqdim. Qochayotib chuqurga yiqildik”, - deydi bir ayol.
Umidsizlangan migrantlarning bir qismi vataniga qaytib ketdi, ba’zilar Meksikada qolishni afzal ko’rdi.
“Ko’p arizalarga rad javobi berishibdi. Shuncha kutgandan foyda yo’q baribir”, - deydi bir mirgant.
Qolganlari esa chodirlar qurib, kelasi yili Amerikaga kirishga umid qilmoqda. AQSh hukumati chegaradagi qo’shinlar mandatini uzaytirib, devor qurish rejasini yana muhokama qilmoqda.