AQSh Hindistonga 3 mlrd dollarlik harbiy texnika beradi

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp Hindistonda

AQSh Prezidenti Donald Tramp Hindistonga tashrifi chog’ida bu mamlakatga uch milliard dollarlik harbiy vertolyotlar va boshqa harbiy texnika sotish bo’yicha kelishuv haqida ma’lum qildi.

Tramp va rafiqasi birinchi bo’lib Ahmadobod shahriga bordi. Bosh vazir Narendra Modi hamrohligida ular dunyodagi eng yirik kriket stadionida bo’lib, 100 mingdan ziyod odamni “namaste” so’zi bilan olqishladi.

Tramp Modi va ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarni yuqori baholadi.

“Hindiston qurolli kuchlariga eng so’nggi harbiy vertolyotlar va boshqa harbiy uskunalarimizni sotmoqchimiz va ertaga vakillarimiz uch milliard dollarlik shartnomani imzolaydi”, - dedi Tramp.

Shundan so’ng Donald va Melaniya Tramp Agra shahriga borib, Toj-Mahalni ziyorat qildi.

Modining aytishicha, AQSh va Hindiston mudofaa, energetika va informatika bobida samarali hamkorlik qilmoqda. Unga ko’ra, AQSh-Hindiston munosabatlari ancha chuqur va yaqindir.