Amerika razvedka idorasi rahbarining aytishicha, keyingi prezident oxirgi yarim asrdagi eng murakkab global tahdidlar bilan yuzlashadi. Vashingtonda razvedka va xavfsizlikka doir yillik sammitda so'zlagan Jeyms Klapper nazarida bugun jahon kutilmagan xavf, tahdidlar girdobida qolmoqda.
Yaqin bir necha yilda dunyoning uchdan ikki qismi notinch bo'lib qoladi, deydi u. Klapperning so'zlariga qaraganda, keyingi o'n yilllarda iqlimdagi salbiy o'zgarishlar ziddiyatlarga turtki bergan asosiy omil bo'ladi.
"Aholi tobora kamayib borayotgan yegulik va ichimlik suvi manbalari uchun kurashadi. Hukumatlar esa o'z hududlarini nazorat qilishi tobora qiyinlashib boradi. Shu bois, "Islomiy davlat" to'dasi tugatilgach ham, boshqa terrorchi guruhlar paydo bo'lishi mumkin", - deydi rasmiy.
Klapperning aytishicha, Rossiya, Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron razvedkalari Amerika razvedkasiga g'anim bo'lib qolaveradi.
Texnologiya sohasidagi ilg'or kashfiyotlar, xususan, robotlar, haydovchisiz avtomobil va shu kabilar esa razvedkaning ishini og'irlashtiradi, deydi u.
Jeyms Klapperning aytishicha, u o'tgan hafta Oq uyga da'vo qilayotgan har ikki nomzod vakillari bilan ko'rishgan. Muloqot jiddiy, vazmin va mazmunli o'tgan. Hokimiyatga kim kelishidan qat'i nazar ishiga jiddiy yondashadi, "bu borada xotirjamman" deydi u.