Qo’shma Shtatlar Eron ehtimoliy hujumiga taraddud ko’rish uchun Yaqin Sharqda harbiy salohiyatini oshirmoqda.
AQSh mintaqada harbiy qudratini kuchaytirish orqali Eronni ogohlantirmoqda. Raketa hujumiga qarshi “Patriot” sistemasi, “Arlington” deb nomlanuvchi harbiy kema, to’rtta B-52 bombardimonchi samolyot, “Avraam Linkoln” nomli avianosets yetakchiligidagi zarbdor guruh – bularning barchasi Yaqin Sharqqa safarbar etilgan.
Razvedka Eron quruqlikda va dengizda AQShning mintaqadagi kuchlariga hujum uyushtirmoqchi bo’lgani haqida ma’lumot olgach, harbiy qo’mondonlar qo’shimcha madad so’ragan.
“Amerika va uning manfaatlariga qarshi hujumga tegishli javob berilishini Eron anglashi zarur”, - deydi mudofaa vaziri lavozimini bajarayotgan Pet Shenexen.
Harbiy manbalarga ko’ra, Eronning Inqilob posbonlari korpusi tijoriy kemalarga harbiy uskuna va, hatto, raketalar o’rnatgan. Biroq ittifoqchi davlatlar harbiylari Eron tomonidan tahdidli harakatlarni ko’rmaganini aytadi.
Xususan, “Islomiy davlat” jangari to’dasiga qarshi kurashayotgan koalitsiyaning britan qo’mondoni, general-mayor Kris Gikaning aytishicha,
Eronning Iroqdagi va Suriyadagi kuchlari tomonidan biror harakat qayd etilmagan.
Shunga qaramay, Qo’shma Shtatlar Iroq va Suriyadagi qo’shinlarini shay holatga keltirgan.
“Agar Eron tahdidiga javob berish kerak bo’lsa, javob cheklangan bo’lishi zarur. Oshirvorsak, urush boshlanib ketadi”, - deydi Vashingtondagi Brukings instituti tahlilchisi Maykl Oxanlon.