Eronning yangi saylangan prezidenti Ibrohim Raisiy kuni kecha AQSh rahbari Jo Bayden Eronga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilmaguncha u bilan uchrashmasligini bildirgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimni jonlantirishga harakat qilayotgan AQSh diplomatlari Venada uchinchi mamlakatlar vositachiligida eronlik hamkasblari bilan muzokara qilar ekan, Raisiyning bu masalada pozitsiyasi qanday ekani hozircha noma’lum.
Oq uy matbuot kotibi Jennifer Psaki bunga doir qarorlarni oliy diniy rais Oyatulla Ali Xomeneiy qabul qilishiga ishora qiladi.
Venadagi muzokaralar hozircha natija bergani yo’q, biroq AQSh muloqot to’g’ri yo’ldan ketmoqda deya bildirgan. Raisiy AQShni va’dalarini buzganlikda aybladi.
"Sanksiyalarni olib tashlashingiz kerak edi, ammo bunday qilmadingiz . Bitimga qaytib, majburiyatlaringizni bajaring. Yevropaliklarga gapim shuki, Amerikaning siyosiy bosimiga berilmang”, - dedi Raisiy.
Psakining aytishicha, sobiq prezident Donald Tramp tomonidan Eronga qayta qo’yilgan sanksiyalar xalqaro shartnomani jonlantirishdagi muhokama mavzularidan biri.
“O’z vatanida siyosiy ehtiyojlarni qondirish uchun ular mana shunday bayonotlar berishini muzokaralarning oldingi davralarida ham ko’rganmiz va buni tushunamiz. Bizning diqqatimiz muzokaralarda va ularning davom etishidan umidvormiz”, - dedi Oq uy matbuot kotibi.
Raisiy 1988-yilda minglab siyosiy mahbuslarning qatl etilganiga aloqadorlik gumoni bilan AQSh qora ro’yxatiga allaqachon tushgan edi, garchi saylangan prezident sifatidagi ilk matbuot anjumanida o’zini inson huquqlari himoyachisi deb atagan bo’lsa-da.
Sobiq mahbus Iraj Misdog’iyning aytishicha, yangi rahbar qatl jarayonlariga bevosita bosh bo’lgan.
““O’lim komissiyasi”ning boshqa a’zolariga qaraganda u o’ta faol rol o’ynagan”, - deydi endilikda huquq faoli.
AQSh Raisiy va uning mamlakatiga yangi sanksiyalar qo’yishi mumkinmi?
“Yangi prezident boshqaruvi paytidagi inson huquqlari buzilishlariga javob berishi muqarrar. Eronda hokimiyat kimning qo’lida bo’lishidan qat’i nazar, bu mamlakat hukumatini siyosiy mahbuslarni ozod etishga, inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni yaxshilashga, barcha eronliklarni asosiy erkinliklar bilan ta’minlashga chaqiramiz”, - dedi Jennifer Psaki.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Ibrohim Raisiy oliy diniy rais Oyatulla Ali Xomeneiyning ishongan odami va mamlakatni o’z bilganicha boshqarmaydi.
"Prezidentlik uning imkoniyatlari doirasidan tashqarida. U o’ta murakkab va qiyin bo’lgan Erondagi iqtisodiy inqiroz yoki yadroviy bitim kabi masalalarni hal qilishga qodir emas”, - deydi Shvetsiyada yashovchi eronlik jurnalist Farzona Rustai.
Venadagi muzokaralarda tanaffus e’lon qilingan. Muzokarachilar siyosiy rahbarlar bilan maslahatlashish uchun o’z davlatlariga qaytgan.