AQSh Natansdagi hodisa Venadagi muzokaralarga ta'sir qilmasligiga umid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Tehron

AQSh va Eron shu hafta Venada bilvosita yadro muzokaralarining ikkinchi davrasiga hozirlik ko’rarkan, ayrim tahlilchilar nazarida, 11-aprel kuni Eronning Natans yadro inshootida yuz bergan qo’poruvchilik harakati uning muzokaralarda pozitsiyasini zaiflashtirishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 13-aprel, 2021-yil

Oq uy matbuot kotibasi Jennifer Psakining umid qilishicha, Eron Venadagi muloqotdan voz kechmaydi.

“Natans uranni boyitish inshootidagi hodisa haqidagi xabarlarni ko’rdik, albatta. AQShning bu ishga umuman aloqasi yo’q. Barcha diqqatimiz Venadagi muzokaralarda. Muloqot uzoq va og’ir kechadi deb o’ylaymiz. Qarshi taraf rejasi o’zgarganiga ishora ko’rmadik”, - dedi u.

Muzokaralarning birinchi davrasi 6-9-aprel kunlari o’tkazildi. Unda Britaniya, Fransiya, Germaniya, Xitoy va Rossiya vakillari ham qatnashgan.

AQSh va Eron bilvosita muloqot yordamida 2015-yilda imzolangan xalqaro yadroviy bitimni jonlantirishga umid qilmoqda. Hujjat Eron yadro dasturini cheklashga qaratilgan. Tehron buning uchun Vashington avval barcha sanksiyalarni bekor qilsin, demoqda.

AQSh bitimdan 2018-yilda chiqqan.

Natans yadro zavodida elektr tarmog’ining ishdan chiqishida Eron Isroilni ayblamoqda. Bunga Isroildagi ommaviy axborot vositalari ham ishora qilgan. Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif Isroilni yadroviy terrorda aybladi. Yahudiy davlati hodisa ortida turganini tan olgani yo’q.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashgan Zarifning aytishicha, Natansdagi voqea Venadagi muzokaralarga ta’sir qilishi shubhasiz.

"Amerikaliklar muzokara jarayonida na sanksiyalar va na shantajdan vosita sifatida foydalana olishini bilishi kerak. Bunday harakatlar vaziyatni chigallashtiradi, buni ham bilishsin”, - dedi Eron vaziri.

Eronda ba’zilar hukumatni Vena muloqotidan chiqishga, yadroviy faoliyatni cheklashga qaratilgan barcha majburiyatlarni bekor qilishga, Isroilga qarshi chora ko’rishga, ichki josuslar tarmog’ini fosh etib, qo’poruvchilik harakatiga kim qo’l urganini aniqlashga da’vat etmoqda.

Eron yadro zavodidagi hodisaga javob tariqasida uran 60 foizgacha boyitilishi haqida ma'lum qildi. Eron shu kungacha uranni bu qadar hali boyitmagan edi. Yadro bombasini yaratish uchun uran 90 foizgacha boyitilishi zarur.