Eron AQSh banklariga hujumda ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

Jo Liberman, Senatda Ichki xavfsizlik masalalari bo’yicha qo’mita raisi

Bu hafta Amerika banklarining kompyuter tizimlariga qilingan hujumlar ortida Eron turibdi, deydi Senatda Ichki xavfsizlik masalalari bo’yicha qo’mita raisi Jo Liberman (Joe Lieberman).



“JP Morgan” va “Bank of America” singari yirik moliyaviy muassasalarning internet saytlari ishlamay qolgan edi.

Senator Liberman deydiki, Eron Inqilobiy Gvardiyasining maxsus kuchlari, “Quds” nomi ostida tanilgan organ, xuruj qilgani haqida ishonchli ma’lumotlar bor.

Amerika va Yevropa Ittifoqi Eronga nisbatan iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirib, bosimni oshirmoqda. Xuruj mana shu choralarga javob bo’lishi mumkin, deydi senator.

G’arb islomiy respublikani zimdan atom quroli ustida ishlayotganlikda ayblasa, Tehron rasmiylari Amerika va Yevropa Ittifoqi tuhmatchi deydi.

Yadroviy loyiha faqat energetik maqsadlarni ko’zlaydi, deydi Eron diplomatlari.

Prezident Barak Obama bu davlat bilan mojaroni hal etish uchun sanksiya va diplomatiya kuchiga ishonsa, respublikachilar keskinroq chora ko'rish kerak deydi.

Prezidentlikka nomzod Mitt Romni fikricha amaldagi prezident Eron solayotgan xavfni tushunmaydi va bu borada zaif siyosat olib bormoqda.

Obama esa barcha ehtimoliy choralar haqida o'ylab qo'yilganini aytib, yana bir urush haqida gapirish ahmoqlik deya javob beradi.