AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli dunyoni Erondagi voqealarga befarq bo'lmaslikka va namoyishchilarga yordam berishga chaqirdi. Uning aytishicha, AQSh chora ko'rish masalasini BMTga olib chiqadi.
"Jim turmasligimiz kerak. Eron xalqi ozodlik istayapti. Ozodlikni sevuvchi barcha ular bilan birga bo'lishi kerak", - dedi Xeyli.
U BMTda, shuningdek, Jenevada joylashgan BMT Inson huquqlari kengashida Eron bo'yicha favqulodda yig'in o'tkazilishini aytdi.
BMT Xavfsilik kengashining Eron ichki ishiga oid masala bo'yicha yig'in o'tkazishi yoki o'tkazmasligi ma'lum emas.
Xeylining Inson huquqlari kengashiga murojaat qilishi ham ayrimlarni ajablantirmoqda. Chunki u yaqinda tashkilotni Isroilni tanqid qilgani uchun ikki yuzlamachilikda ayblagan edi.
"Amerika Ovozi" bilan suhbatda AQSh prezidentining Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi H.R. Makmaster Eronni terrorizm homiysi deya aybladi.
"Bu rejim qattol harakatlarini davom ettira olmasligi uchun uni resurslardan mahrum qilish kerak. Eron xalqi bu rejimdan norozi ekanini izhor qilyapti", - dedi u.
Tramp ma'muriyati shu oy oxirida Tehronga qarshi yangi sanksiyalar e'lon qilishi mumkin. 2015-yil yil erishilgan yadro bitimi har 90 kunda qayta yangilanishi kerak.
Prezident oktabr oyida bu bitimni yangilamasdan, uni ko'rib chiqishni Kongressga havola qilgan edi. Kongress biror chora ko'rmadi. Namoyishlar paytida sanksiyalarning qaytarilishi ehtimoli yuqori.
Prezident Tramp "Twitter" orqali Erondagi namoyishchilarni qo'llab-quvvatlashini aytib, ularga vaqti kelganda katta yordam berilishini aytdi. Ammo bu yordam qanday shaklda bo'lishini ochiqlamadi.
Jurnalistlar Oq uy so'zlovchisi Sara Xakabi Sandersdan Vashington Eronda rejim o'zgarishini istaydimi, deya so'radi.
"Eron xalqi va fuqarolari eng muhim inson huquqlari bilan ta'minlanishi kerak. Ular o'z davlatini terrorizm homiysi sifatida ko'rishni istamaydi. Butun dunyo shuni xohlaydi", - dedi Oq uy rasmiysi.
Bu namoyishlar qanday natija bilan tugashi noma'lum.