AQSh Eronga shartsiz muloqot taklif etmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

Oq uy ma’muriyati Eronni yadro dasturi bo’yicha muloqotga chaqirmoqda. Prezident Trampning milliy xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi maslahatchilari o’tgan hafta qonunchilar bilan uchrashib, Eron Yaqin Sharqda tinchlikka tahdid solayotganini, uning qaysi harakatlari va siyosati AQSh xavotiriga sabab bo’layotganini ma’lum qilishdi

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Eron bu harakatlardan voz kechsa, unga qo’yilgan sanksiyalar bekor qilinishini aytdi.

“Eron bilan hech bir shartsiz muloqotga tayyormiz. Biroq shu bilan birga, Eronning dushmanona harakatlariga chek qo’yishda davom etamiz”, - dedi u.

Pompeo bu haqda Shveysariyaga tashrifi chog’ida so’zlagan. AQSh va Eron o’rtasida diplomatik aloqalar yo’qligi bois Shveysariya Amerikaning Erondagi manfaatlarini himoya qilib keladi va ikki davlat o’rtasida vositachi bo’lishi ham mumkin.

Eron nazarida, Tramp ma’muriyatining islomiy respublikaga bosimi to’xtamas ekan, muloqot haqida gap bo’lishi mumkin emas.

Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarifning AQShning ABC telekanaliga aytishicha, Trampning hozirgi siyosati ko’chmas mulk bozorida ish berishi mumkin, biroq Eron bilan muomala qilishda samara bermaydi.

“Eronga qarshi tahdidlardan foyda yo’q. Eronga do’q-po’pisa qilmang. Hurmat qilsangizgina, ish berishi mumkin”, - dedi vazir.

Zarifning aytishicha, Eron Fors ko’rfazidagi harakatlari va siyosatidan qaytmaydi.

“Ko’rfazning Fors ko’rfazi deb atalishi bejiz emas. Eron harbiylari Kaliforniya yoki Florida sohillariga yaqinlashgani yo’qku. Shunday bo’lsa, nima qilgan bo’lardingiz?” – dedi vazir.

Tramp prezidentlikka kelishi bilan bir necha davlat imzolagan Eron yadro dasturidan chiqqan. Pompeoga ko’ra, Amerikaning bu masalada maqsadi bir va AQSh bu maqsaddan voz kechmaydi.

“Bizning harakatlarimiz Eron yadro qurolini qo’lga kiritishiga to’sqinlik qilishga qaratilgan”, - dedi u.

Kongressdagi respublikachi qonunchilar Tramp ma’muriyatining Eron tahdidiga qarshi chora ko’rayotganini olqishlayotgan bo’lsa, aksariyat demokratlar nazarida, Tramp hozirgi siyosati bilan Yaqin Sharqda yangi mojaroga sabab bo’lishi mumkin.