Obama ma’muriyati Iroq shimoli-sharqidagi Ashraf lagerida yashayotgan eronlik dissident, faollarni Bag’dod yaqinidagi tranzit markaziga ko’chishga chaqirmoqda.
Davlat departamenti rasmiysi Daniel Frid so’zlariga ko’ra, poytaxt aeroporti tevaragidagi Hurriya lageri eronliklar kelishiga tayyor; BMT ekspertlari inshootni tekshirib, uni yashashga ma’qul deb topgan.
Hurriya avvalroq AQShga qarashli bo’lib, Ozodlik bazasi deya yuritilgan.
3400 eronlikdan iborat guruh, Eronning Xalq Mujohidlari Tashkiloti vakillari haqida gap ketmoqda.
Iroqning shia rahbariyati bu muhojirlarni o’z suverenitetiga tahdid deb biladi va dekabrda BMT bilan bitim imzolab, ularni sekin-asta boshqa davlatga, jumladan, Yevropaga ko’chirishga kelishib olgan edi.
Guruh Eronda islomiy tuzumni ag’darishni maqsad qilgan va 1980-1988 yilgi urush paytida Saddam Husayn tarafida Tehronga qarshi jang qilgan.
Qo’shma Shtatlar va Eron Xalq Mujohidlari Tashkilotini terrorchi guruh deb biladi.