AQSh harbiy kemasi Fors ko’rfaziga kirdi

  • Amerika Ovozi

Pilotsiz uchadigan X-47B dronlari Jorj Bush harbiy kemasida qo'na oladi.

AQSh Iroqdagi inqirozga javoban shunday qadam qo’ydi.

Pentagon so’zlovchisi, kontr-admiral Jon Kirbining bildirishicha, Mudofaa vaziri Chak Xeygl 14-iyun kuni avianosetsni Shimoliy Arab dengizidan Fors ko’rfaziga olib kiritish haqida buyruq bergan.

Bu qadam “Iroqdagi amerikaliklar hayotini saqlab qolish, fuqarolar va manfaatlarini himoya qilish zarurati tug’ilgan holda prezident Barak Obamaning imkoniyatlarini kengaytiradi”, – dedi Kirbi.

Bortidan harbiy samolyotlar ucha oladigan bu kema bilan raketa kreyseri va raketa qiruvchi kemalar ham Iroq sohillari yaqiniga yuborildi.

Ayni vaqtda Bag’dod va boshqa shaharlarda yuzlab yigitlar ko’ngillilar markazlariga borgan va jangarilarga qarshi kurashish xohishini bildirgan.

Ular Iroqning eng obro’li shia ulamosi, oyatullo Ali al-Sistoniy chaqiqrig’iga javoban shunday qilgan.

Oyatullo vakili Abdul Mahdi al-Karbaloiy iroqliklarni “mamlakat, xalq va muqaddas joylarni himoya qilish uchun terrorchilarga qarshi kurashishga” da’vat etdi.
“Bu har birimizning burchimizdir”, - dedi u.

Iroq bosh vaziri Nuri al-Malikiy Samarra shahrida harbiylar bilan uchrashib, ularga ko’ngillilar askarlar bilan yelkama-yelka jangarilarga qarshi kurashish uchun kelayotganini aytdi.

U, shuningdek, “sunniy jangarilar ustidan g’alaba qozonamiz”, dedi.

Jangarilar poytaxt Bag’dod shimoli va g’arbidagi hududlarni egallab olgan.

Bosh vazir Mosul shahrini tashlab qochgan askarlar o’z joyiga qaytishi kerakligini aytib, aks hola ular qattiq jazolanadi, deya ogohlantirdi.

Shanba kuni Bag’dod yaqinida janglar davom etdi.

Eron yordam taklif qilmoqda

Shuningdek, 14-iyun kuni, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Iroqqa yordam berishga tayyormiz, deya bayonot berdi va hatto azaliy dushmani AQSh bilan sunniy ekstremistlarga qarshi birgalikda kurashishga tayyorligini bilddirdi. So’nggi yillarda Eron Bag’dodning shia hukumati bilan aloqalarini mustahkamlagan.

AQSh rahbariyati juma kuni Iroqqa yordaming turlarini ko’rib chiqayotganini ma’lum qilgan edi.

Prezident Obama Iroqdagi jangarilar nafaqat Bag’doddagi hukumat, balki AQShning Iroqdagi manfaatlari uchun ham jiddiy tahdid, deb aytdi.

Davlayt kotibi Jon Kerri esa Iroq rahbarlari chuqur kelishmovchiliklarni bartaraf etmas ekan, Vashington yordamidan foyda bo’lmaydi, dedi.