Tillerson: "Islomiy davlat"ni yakson qilamiz

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson "Islomiy davlat"ga qarshi 68 davlatni o'z ichiga oluvchi xalqaro koalitsiya yig'inida qatnashdi. Tillersonning aytishicha, IShIDga qarshi kurash Tramp ma'muriyatining muhim vazifalaridan biri bo'ladi. U boshqa davlatlarni ham Iroq va Suriyada barqarorlikni tiklashga ko'proq hissa qo'shishga chaqirdi.

Vashingtonda o'tgan anjumanda terrorchi guruhni yo'q qilish yo'llari muhokama qilindi.

"IShIDni zaiflashtirish maqsad emas. Uni mag'lub etishimiz kerak. Yaqin Sharqda turli muammolar borligini tushunaman, lekin IShIDni yakson qilish AQShning mintaqadagi birinchi raqamli maqsadi. Ilgari ham aytganimizdek, hamma narsaning ortidan yugursak, hech narsani bajara olmaymiz. Diqqatimizni eng muhimiga qaratishimiz kerak", - dedi AQSh Davlat kotibi.

Saylov kampaniyasi davrida Donald Tramp Prezident Barak Obamani terrorizmga qarshi zaif kurashganlikda ayblagan edi. Tillerson boshqa davlatlarni ham bu ishga ko'proq hissa qo'shishga undadi. Ayniqsa, jangarilar surib chiqarilgandan keyin Iroq va Suriyada qiladigan ishlar ko'p, deydi u.

"Begunoh odamlar o'z hayotlarini qayta qurishlari uchun Iroq va Suriyaning ozod qiingan hududlariga sarmoya kiritishda davom etishimiz kerak. Bombalardan tozalash, suv va elektr ta'minotini tiklash, gumanitar va ko'chish yordamlarini yetkazish, eksremizmni rad etuvchi mahalliy yetakchilar bilan hamkorlik qilish zarur", - dedi AQSh rasmiysi.

Qayta qurish bosqichi juda muhim, deydi tahlilchi Maykl Ohanlon.

"IShIDni Musuldan va Iroqning boshqa qismlaridan surib chiqarish muhim, lekin shahar ozod etilgandan keyin IShID yoki boshqa guruhlar qaytib kelmasligi uchun iroqliklar va mintaqa bilan qanday ishlaymiz? Bular ham dolzarb", - deydi u.

Tillersonning aytishicha, koalitsiya IShID bilan nafaqat jang maydonida, balki internetda ham kurashishi kerak. Hozirgi xalifalik o'rnini internet xalifaligi egallamasin, deydi u.