Dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan kelgan mudofaa vazirlari AQShda "Islomiy davlat"ga qarshi kurashning navbatdagi bosqichini muhokama qilmoqda.
Rasmiylarning aytishicha, xalqaro koalitsiya Iroq va Suriyada harbiy amaliyotlarni yanada kuchaytirish haqida gaplashadi.
"Muvaffaqiyat qozonishimiz uchun zarur narsalarga e'tibor qaratishimiz kerak. Shu maqsadda koalitsiyani bir joyga yig'ishni xohladik", - dedi "Islomiy davlat"ga qarshi koalitsiyadagi AQSh prezidentining maxsus vakili Bret Makgurk.
O'tgan hafta AQSh Mosulni qaytarib olish amaliyotiga ko'maklashish uchun qo'shimcha 560 askar ajratishga qaror qildi. Vashington ayni paytda boshqa hamkor davlatlardan ham amaliyotlarga o'z hissasini qo'shishni so'ramoqda.
Ertaga 21-iyul kuni koalitsiyaning tashqi ishlar vazirlari va mudofaa vazirlari Davlat departamentida ham uchrashuv o'tkazadi. Unda urush tugagandan so'ng nima qilish kerakligi haqidagi masalalarga e'tibor qaratiladi. Koalitsiya allaqachon shu maqsadda 100 million dollarlik fond tashkil etgan.
"Bu politsiyani tayyorgarlikdan o'tkazish, ularni ko'chalarga chiqarish, odamlarni uylariga qaytarish kabi dastlabki ishlarga sarflanadi", - deydi Makgurk.
O'tgan yili Tikrit shahri ozod qilingandan beri shahar aholisining deyarli barchasi o'z uylariga qaytdi. Butun Iroq bo'ylab 700 mingdan ortiq odam uyiga qaytgan.
"Islomiy davlat" mag'lub etilgandan so'ng uning jangarilari tarqab ketishi ham xavotirga sabab bo'layotgan masalalardan.
"Bu mutlaq g'alaba bo'lmaydi. Hech kim mag'lubiyat qog'oziga imzo chekmaydi", - deydi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchisi Antoni Kordesman.
Makgurkning aytishicha, yetakchilar "Islomiy davlat"ning Iroq va Suriyadan tashqaridagi tarmoqlariga ham e'tibor qaratadi. Dunyo bo'ylab Afg'onistondan Liviyagacha sakkiz joyda unga aloqador guruhlar bor.
Kordesmanning ogohlantirishicha, xalqaro hamjamiyatga bo'layotgan xavf "Islomiy davlat"dan ko'ra kattaroq. Yolg'iz o'zi harakatlanuvchi terrorchilar Orlandoda 50 ga yaqin, Nitsada esa 84 kishining hayotiga zomin bo'ldi.
Vashingtondagi yig'inda Turkiya Mudofaa vaziri Fikri Ishik qatnashmaydi. Uning o'rniga Turkiyaning AQShdagi elchisi ishtirok etadi. Mamlakatda o'tgan hafta yuz bergan harbiy isyon ketidan mudofaa vaziri Turkiyani tark etmaslikni lozim topgan.
AQSh "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Turkiyadagi Injirlik havo bazasidan foydalanadi. Shuningdek, bu o'lkada 3000 dan ortiq AQSh askari bor.