Jon Kerri Davosda Lavrov bilan Suriya mojarosini muhokama qildi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri (o'ngda) Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan, 20-yanvar, 2016-yil, Syurix, Shveysariya.

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Shveysariyada o'tayotgan Davos anjumani doirasida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Suhbatda urush domiga tortilgan Suriyada tinchlik o'rnatishga qaratilgan muzokaralarni tezroq boshlash masalasi muhokama qilingan.

Davlat departamenti so'zlovchisi Jon Kirbining aytishicha, Kerri Rossiyadan Bashar al-Assad rejimiga ta'sir o'tkazib, qamalda qolgan shaharlar aholisiga zudlik bilan gumanitar ko'mak yetkazishda yordam berishni so'ragan.

Rossiyaning Tass axborot agentligi xabariga ko'ra, Lavrov Suriyadagi gumanitar inqirozni hal qilish zarurati mavjudligini tasdiqlagan.

Uchrashuv BMT homiyligida tashkil etilayotgan tinchlik muzokaralarining boshlanishi savol ostida turgan bir paytda bo'lib o'tdi.

Yaqin kunlarda Prezident Assad hukumati hamda unga qarshi kurashayotgan muxolif kuchlar o'rtasida muloqot boshlanishi kutilayotgan edi. Jarayonga muxolif guruhlardan kimlar taklif etilishi hanuz noma'lum va bu borada tomonlar o'rtasida kuchli kelishmovchilik bor.