Saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchi o’z mamlakatining Istanbuldagi konsulligida o’ldirilganidan so’ng Riyodda bo’ladigan xalqaro anjumanga bormasligini ma’lum qilgan AQSh Moliya vaziri Stiven Mnuchin Saudiya Arabistoniga borib, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan ko’rishgan.
Muxbirning o’limi dunyoda katta shov-shuvga sabab bo’ldi. Qoshiqchini o’ldirishga buyruq qirol yoki shahzodadan kelgani aytilarkan, qator yirik kompaniyalar va mamlakatlar rasmiylari anjumanda qatnashish fikridan qaytganini ma’lum qilgan. Biroq Mnuchinning tashrifi Prezident Tramp Saudiya Arabistoni bilan iqtisodiy aloqalarni ustunroq qo’yishini namoyish etdi.
O’tgan yili Tramp Riyodga tashrif buyurganida 110 milliard dollarga teng qurol savdosi bitimiga kelishgan edi. Qoshiqchining o’limidan so’ng Yevropa davlatlari Saudiya Arabistoniga qurol sotishni to’xtatgan, ammo Tramp rejadan voz kechmoqchi emas.
Turkiya 2-oktabr kuni ro’y bergan voqea xususida dalil va batafsil ma’lumotga ega ekanini aytgan. Ba’zi kuzatuvchilar nazarida, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an qo’lidagi ma’lumotdan qanday foydalanishi muhim.
“Erdog’an Saudiya Arabistoni bilan kelishib, iqtisodiy yordam evaziga Riyodning voqea bo’yicha haqiqatdan yiroq izohini tasdiqlashi mumkin”, - deydi AQSh sobiq mudofaa vaziri Leon Panetta.
Saudiya Arabistoni qiroli va uning o’g’li Qoshiqchining konsullik binosi ichida o’ldirilganini tan olgan, ammo uni o’ldirishga buyruq berishganini inkor etishmoqda.
Seshanba kuni Erdog’an parlamentda nutq so’zlab, jurnalistga qarshi fitna uning o’limidan bir necha kun oldin rejalanganini aytdi. Erdog’an voqeada qirol yoki valiahd shahzodani ayblamadi, qotillikka aloqador 18 shaxsni Turkiyada sud qilishni taklif etdi.
Turk siyosatchilaridan biri Jamol Qoshiqchining jasadi Saudiya Arabistoni konsulining Istanbuldagi uyida, bog’idagi quduqda saqlanganini ma’lum qildi.