AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo'yicha muovini Robert Bleykka shu hafta Qirg'iziston va O'zbekistonga borib, O'sh va Jaloloboddagi zo'ravonliklarni to'xtatish, tartib o'rnatish va qochqinlarga yordam ko'rsatish masalalari haqida gaplashishni buyurgan.
O'tgan hafta boshlangan va hanuz davom etayotgan etnik xurujlar, qirg'iz to'dalarning o'zbek aholiga nisbatan hujumlari, qancha o'damning hayotiga zomin bo'lgani aniq emas. Hatto Qirg'iziston hukumatining o'zi bu haqda aniq ma'lumot bera olmayapti.
Davlat departamenti so'zlovchisi Filip Kroulining aytishicha, Obama ma'muriyati Rossiya va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan muloqotda va bu inqirozga qarshi birgalikda chora ko'rishga kelishib olingan.
BMT qochqinlar agentligi vakili Andrey Maxechichning ma'lum qilishicha esa mojaro oqibatida 200 mingga yaqin kishi boshpanasidan ayrilgan va o'nlab ming odamlar O'zbekistondan panoh so'ragan, ko'pi hamon chegarada madad kutib o'tiribdi. O'zbekiston hukumati kamida 75 ming qochqinni qabul qilganini bildirmoqda.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bugun, 15 iyun kuni, Qirg'iziston muvaqqat rahbari Roza Otunbayeva bilan telefonda bog'lanib, jabrdiydalarga xalqaro insonparvarlik yordamini yetkazish yo'lga qo'yilayotganini aytgan.
BMT O'shda oziq-ovqat tarqata boshlagan. Jalolobod aholisi ham chetda qolmaydi, deydi rasmiylar.
Xalqaro Amnistiya huquq tashkiloti esa Qirg'izistonning barcha qo'shnilarini o'zbek qochqinlariga eshigini ochib, ularga g'amxo'rlik qilishga undamoqda.