1-iyun kuni AQSh qonunchilari Kongressda to’planib, mamlakatni yemirayotgan ikki inqiroz – koronavirus pandemiyasi va irqchilikka qarshi namoyishlarni muhokama qildi.
Senatda ko’pchilik sardori, respublikachi senator Mitch Makkonel so’nggi to’qnashuvlarda nobud bo’lgan qora tanli insonlar ismlarini o’qib eshittirdi – Jorj Floyd, Ahmad Arberi, Breonna Teylor.
“Men va millionlab g’azablangan amerikaliklar xavotirli bu uch fojiani bir-biridan alohida ko’rmaydi. Bu voqealar barcha amerikaliklar uchun teng adolat va teng himoyani qonun doirasida ta’minlashga qaratilgan milliy kurashimizning so’nggi bobidan biriga o’xshaydi”, - dedi kentukilik qonunchi.
Namoyishchilar koronavirus sabab qisman yopiq Kapitoliy atrofida ham yurish qilgan. Ba’zi qonunchilar mamlakatda inqiroz chuqurlashib ketmasligi uchun xushmuomala bo’lishni va federal yordam ajratishni taklif qildi. Boshqalari esa namoyishlarga chek qo’yish uchun Prezident Donald Trampning harbiy kuch qo’llash do’q-po’pisasini qaytardi.
Vakillar palatasi vs Senatdagi qonunchilar politsiya zo’ravonligi va qora tanli amerikaliklar yuzlashayotgan tengsizlikni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi ustida ishni boshlab yubordi.
“Bu muhim va o’zgarishlarga yetaklovchi qonun bo’lishi kerak”, - dedi quyi palata spikeri Nensi Pelosi.
Kongressda qora tanli qonunchilar kengashi rahbarlari 5-iyun kuni fuqarolik huquqlari yetakchilari bilan virtual formatda muloqot bo’lishini ma’lum qildi. Vakillar palatasi Adliya qo’mitasi raisi Jerrold Nedler qo’mita keyingi hafta politsiya faoliyati mavzusida tinglov o’tkazishini aytdi.
“Bu nafaqat qora tanlilarga, balki Amerika Qo’shma Shtatlariga ham kerak”, - dedi Pelosi.
O’tmishda “Qora tanlilar hayoti muhim” deb nomlanuvchi harakat namoyishlariga javoban huquq-tartibot idoralarini qo’llab-quvvatlovchi “Moviylarning hayoti muhim” shiori ostidagi namoyishlarni uyushtirgan ba’zi konservativ qonunchilarning hozirgi chiqishlarida ohang o’zgargandek. Trampga ittifoqchi qonunchilarning ayrimlari esa namoyishlarni bostirish uchun harbiy kuchni ishga solishga chaqirmoqda.
“Anarxiya, g’alayonlar, talon-tarojga chek qo’yish kerak”, - dedi Arkanzas shtatidan Senatda respublikachi vakil Tom Kotton.
Senator chetdan kelib namoyishchilarni yo’ldan urayotgan tashviqotchilarga qarshi 101-havo-desant diviziya qo’shinlarini tashlashni taklif etmoqda.
Makkonelning aytishicha, agar shtat va mahalliy rahbarlar xavfsizlikni ta’minlashga ojizlik qilsa, federal hukumat chora ko’rishga tayyor turishi kerak.
2-iyun kuni Oq uy qarshisida namoyishchilar politsiya va harbiylar bilan olishayotgan bir paytda Trampning zo’ravon namoyishchilarga qarshi harbiylarni qo’llash ehtimoli haqidagi gaplarini o’z ichiga olgan telemurojaati keng tanqid qilindi.
Iroq va Afg’onistonda xizmat qilgan sobiq harbiy, ayni paytda Kolorado shtatidan Vakillar palatasida demokrat vakil Jeyson Krouning aytishicha, aqli raso, layoqatli, demokratik prezident bunday ish qilmaydi.
“Mamlakatimizning asosiy qadriyatlarini hurmat qilmaydigan odamning ishi bu”, - dedi quyi palata qonunchisi.
AQSh koronavirus pandemiyasi bilan ham yuzlashar ekan, 41 million odam ishsizlik bo’yicha nafaqa olish uchun ariza bergan. Shtat va mahalliy rahbarlar federal hukumatdan virusga qarshi kurashda qo’shimcha yordam so’ramoqda. Odamlarning uyda o’tirgani bizneslardan tushayotgan daromadning kamayishiga olib keldi.
Demokratlar ko’pchilik Vakillar palatasi 3 trillion dollarlik yangi qonun loyihasini ma’qulladi, ammo Senat hozircha qo'shimcha yordam paketini qabul qilishga shoshilmayapti. Buning o’rniga respublikachi senatorlar iqtisodiyotni jonlantirish, biznes va idoralar qayta ochilganida odamlarni ishga qaytarish uchun ishsizlik bo’yicha 600 dollar miqdoridagi haftalik nafaqani bekor qilishga diqqat qaratmoqda. Ular, shuningdek, qayta ishga tushayotgan bizneslarni COVID-19 kasalligi bilan bog’liq sud da’volaridan himoya qiluvchi choralar ustida ham ishlamoqda.
Har ikki partiyaga mansub iqtisodchilardan iborat guruh hafta boshida Kongressni shtat va shaharlarga qo’shimcha 1 trillion dollarlik yordam ajratishga chaqirdi. Vakillar palatasida qabul qilingan qonun loyihasida ham demokratlar shunday taklif bergan.
Ayrim hisoblarga ko’ra, kelasi bir yilda shtat va mahalliy hukumatlarning salkam 3 million xizmatchilari ishidan ayrilishi mumkin. Bu shu kunga qadar ishini yo’qotgan deyarli bir million odamga qo’shimcha ravishda.