AQSh qonunchilari iqtisodiyotni ochish yuzasidan tortishmoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh shtatlarida karantin choralari yumshab, bizneslar ochilar ekan, mutaxassislar qonunchilarni shoshilmaslikka chaqirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot – 13-may, 2020-yil

“Ba’zi joylar, shaharlar, shtatlarda virusga qarshi tez va samarali kurashga salohiyat bo’lmasdan cheklovlar erta yumshatilsa, joylarda kichik zararlanish holatlari epidemiyaga aylanib ketishidan xavotirdaman”, - deydi AQSh bosh infeksionisti Entoni Fauchi.

Mamlakat bo’ylab cheklovlarni tugatishga chaqiruvchi namoyishlar kuzatilayotgan bir paytda qonunchilar va sog’liqni saqlash mutaxassislarining bir qismi mavzuning Kongressdagi muhokamasida masofadan turib qatnashgan. Tinglovda o’tirgan demokrat qonunchilar niqobda, respublikachilarning ayrimlari esa niqobsiz ko’ringani pandemiya bilan qanday olishish kerakligiga doir siyosiy tortishuvlar davom etayotganini ko’rsatadi.

“Uyda cheksiz o’tirish pandemiyaga yechim bo’la olmaydi. Iqtisodiyotning yopilishi natijasida zarar ko’rgan barchaga yordam berishga yetarli pul yo’q. Ishga, o’qishga qaytish kerak, testlar, kuzatuvlar, izolyatsiya, muolaja, vaksinalar bilan shug’ullangan holda”, - deydi respublikachi senator Lamar Aleksandr.

Prezident Tramp AQSh bu masalalarda boshqa mamlakatlarga yetib olganini aytadi.

“Testlarni yo’lga qo’yib oldik”, - dedi u.

Mutaxassislar qonunchilarga salohiyatlar haqida ma’lumot bermoqda.

“Sentabrga borib mamlakatda oyiga 40 milliondan 50 milliongacha testlar o’tkazishga qodir bo’lamiz”, - deydi Sog’liqni saqlash vaziri yordamchisi admiral Bret Jiror.

Iqtisodiyot asta-sekin oyoqqa turayotgan bo’lsa-da, zararni qoplashga ancha vaqt ketadi. Ishsizlik so’nggi yuz yilda eng yuqori nuqtada. Shunga qaramay, ba’zi respublikachilar navbatdagi yordam paketini tasdiqlashga shoshilmaslikka chaqirmoqda.

“Hozir shu kungacha berilgan yordam natijasini o’rganyapmiz. Milliy qarzimizga 3 trillion dollar qo’shildi va keyingi qadamlarimizni tashlashdan oldin buning samarasiga baho beryapmiz”, - deydi Senatda ko’pchilik sardori, respublikachi Mitch Makkonel.

Demokratlar qo’shimcha pul ishga chiqishga majbur bo’lgan muhim ishchilarga yordam berish va iqtisodiyotni yurgizish uchun zarur, deydi.

“Odamlar haqida kengroq o’ylashimiz kerak. Chunki agar bu ishni qilmasak, o’lim hollari ko’payadi, insonlar turmush tarzi zarar ko’radi”, - dedi Vakillar palatasining demokrat spikeri Nensi Pelosi.

3 trillion dollarlik yangi yordam paketi demokratlar nazoratidagi Vakillar palatasida qabul qilinsa-da, respublikachilar hukmron Senatda tasdiqlanishiga kafolat yo’q.